Matbuot anjumani. Harbiy ilm-fanning rivojlanish istiqbollari

242

Bugun, 27-oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida harbiy ilm-fanning rivojlanish istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi polkovnik Bahrom Zulfiqorov, Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlar tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ulug‘bek Mamadaliyev va Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘ining innovatsiya va ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Rustamjon Samarov spiker sifatida ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida dastavval Mudofaa vazirligida harbiy ilm-fanni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi, Mudofaa vazirligi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etilishi Mudofaa vazirligida ilm-fan, harbiy-ilmiy va innovatsion faoliyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgani aytib o‘tildi. Nazariy va amaliy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish maqsadida Qurolli Kuchlar akademiyasi negizida Ilmiy vzvod tashkil etilib, doktoranturada xorijiy davlatlar harbiy kadrlarini tayyorlash tizimi ham yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Mudofaa vazirligi tizimida harbiy ilm-fanni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida so‘nggi 5 yilda oliy harbiy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyat 10 barobarga, ya’ni 3 foizdan qariyb 30 foizga oshgan bo‘lsa, olimlar soni so‘nggi besh yilda qariyb 14 barobarga oshdi. Natijada besh yil avval vazirlik tarkibida bor-yo‘g‘i 15 nafar olim bo‘lgan bo‘sa, joriy yilga kelib ularning soni 201 nafarga yetdi. Qurolli Kuchlar akademiyasining tayanch doktoranturasida to‘qqizta ixtisoslik bo‘yicha harbiy-ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Spikerlarning qo‘shimcha qilishicha, oliy harbiy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Qurolli Kuchlar akademiyasi ilmiy salohiyati 7 foizdan 52 foizga, Aloqa harbiy instituti ilmiy salohiyati 0 dan 41 foizga, Harbiy tibbiyot akademiyasi ilmiy salohiyati 4 foizdan 21 foizga oshgan.

Shu va shu kabi ma’lumotlar yuzasidan jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Ma’lumot o‘rinida, vazirlik ilmiy salohiyatini yuksaltirish, harbiy olimlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘shinlarga va keng jamoatchilikka yetkazish hamda yosh harbiy olimlarni kashf etish maqsadida Mudofaa vazirligida “Eng yaxshi ilmiy maqola” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilishi joriy etilgan. Shuningdek, bugungi kunda Qurolli Kuchlari akademiyasining ilmiy-ijodiy guruhi tomonidan Amir Temur bobomizning boy harbiy merosi va ilg‘or hayotiy tajribasining ilmiy jihatlariga asoslangan “Amir Temur harbiy san’ati” nomli kitobni yaratish ishlari olib borilmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti