“Vatanparvar” tashkilotida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

0
1340

25-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan “Vatanparvar” tashkilotida fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish tizimi: mavjud imkoniyatlar va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad davlat va jamoat tashkilotlari hamda “Vatanparvar” tashkiloti oʻrtasida fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga oʻqitish boʻyicha oʻzaro hamkorlik ishlarini ijtimoiy sheriklik asosida yanada kuchaytirish, tashkilot tizimida fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori kasblarga oʻqitish samaradorligini oshirish boʻyicha istiqboldagi qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilab olishdan iborat.

Ushbu tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Mudofaa, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi masʼullari, “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va uning tarkibiy tuzilmalari rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiyada ishtirok etgan vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlarining masʼul xodimlari oʻzlari faoliyat yuritayotgan tashkilotlarda fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni kasbga tayyorlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼruza qilib, ushbu yoʻnalishda “Vatanparvar” tashkiloti bilan mustahkam hamkorlikda ish olib borish boʻyicha taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, soʻnggi ikki yilda “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi yoshlar hamda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”dan oʻrin olgan oilalarning farzandlari imtiyoz asosida ommaviy texnik kasblarga tayyorlanishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdilar.

Konferensiya yakunida vazirlik va idoralar hamda “Vatanparvar” tashkiloti oʻrtasida fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga oʻqitishga doir hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati