Samarqandda yongʻinlarning oldini olish boʻyicha profilaktik tadbirlar oʻtkazildi

0
509

Dunyoda va mamlakatimizda sodir boʻlgan yongʻinlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, insonlarning oddiy eʼtiborsizligi, loqaydliklari, yongʻin xavfsizligi talab va qoidalarini bilmasligi yoki bila turib unga toʻliq rioya etmasligi oqibatida koʻngilsizliklar sodir boʻlmoqda. Shuningdek, yongʻin sodir boʻlganda uni tezda bartaraf etishda notoʻgʻri choralar koʻrilishi olov kattalashib ketishi hamda ogʻir musibatlar olib kelishiga olib kelyapti.
Samarqand garnizoni yongʻin nazorati inspeksiyasi tomonidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yongʻin qutqaruv guruhi, shahar yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari hamkorligida Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarni tayyorlash Markazida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Tilsiz yov”dan ogoh boʻlish boʻyicha koʻrgazmali oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.
Unda yongʻin xavfsizligi, is gazidan zaharlanish holati va turli xildagi koʻngilsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha yoʻriqnomalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga yongʻin xavfsizligiga doir eslatma targʻibot bukletlari tarqatildi.

Maʼlumot oʻrnida shuni aytish kerakki, qish mavsumining boshlanishi, ob-havo haroratining keskin pasayishi bilan uylarda, yotoqxonalarda va boshqa bino, inshootlarda isitish moslamalaridan foydalanish boshlanadi. Tashvishli tomoni shundaki, ayrim fuqarolar yashash xonadonlarini isitish maqsadida nosoz yoki qoʻlbola usulda yasalgan gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanishadi hamda ayrim hollarda ularni qarovsiz qoldirishadi. Bu holatlar esa yongʻin sodir boʻlishi, is gazidan zaharlanish kabi ogʻir musibatlarga sabab boʻladi.
Aziz vatandoshlar, shuni unutmangki, yongʻinning oldini olish, uni oʻchirishdan osonroqdir!

Kichik serjant Xayrullo OʻLMASOV