Jamoatchilik kengashi a‘zolari harbiy qism mehmoni bo‘ldi

0
863

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy jihatdan muhofaza qilish, ularni uy-joy bilan taʼminlash, yashash va xizmat oʻtashning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini muntazam ravishda oʻrganib kelmoqda. Shuningdek, Vatan himoyachilarining tibbiy taʼminotini yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari ijrosini tahlil qilish hamda ular ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini olib bormoqda.

Jamoatchilik kengashi aʼzolarining bu galgi tashrifi Toshkent garnizonida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlarning biriga boʻldi.

Tashrif davomida harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, yotoqxona, oshxona va kutubxonada boʻlib, harbiy xizmatchilar bilan suhbatlashdilar. Bu yerda yangi barpo etilgan Adiblar xiyoboni, Yangi Oʻzbekiston muzeyi va mukammal sharoitlarga ega boʻlgan sport majmuasi bilan yaqindan tanishildi.

Tashrifning madaniy qismida harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish, yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, turli murakkab va ogʻir vaziyatlarga nisbatan ruhiy bardoshliligini oshirishda koʻtarinki ruh bagʻishlovchi “Jangovar ruh” videoroligi hamda “Meni kechir” nomli videofilm namoyish etildi.

Harbiy xizmatchilar ijrosidagi buyuk sarkardalarimiz hamda jadidlar hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari mehmonlar tomonidan yuksak baholandi.

Tashrif soʻngida yangi tashkil etilgan harbiy orkestr jamoasi ijrosidagi konsert dasturi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Jamoatchilik kengashi aʼzolarining harbiy qism va muassasalarga uyushtirayotgan bu kabi tashriflari xalq va armiya birdamligining yaqqol koʻrinishi ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti