Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun muhim davra suhbati tashkil qilindi

0
752

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida “Oila muqaddas dargoh” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Tadbirda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, vazirlik mas’ul mutaxassislari, shuningdek, Oliy Majlis Senati faxriy a’zolari Farida Abdurahimova va Dilbar G‘ulomova ishtirok etdi.

Bugungi kunda eng dolzarb ahamiyat kasb etayotgan masalalardan biri — bu erta nikohdir. Tadbirda yosh yigit-qizlarning oila qurishga tayyor emasligi, qarindoshlar o‘rtasidagi muammolar, oilaviy ajrimlar kabi aktual mavzular ko‘tarilib, yigit-qizlarni namunali oila qurishga tayyorlash masalalari suhbat markazida bo‘ldi.

Darhaqiqat, oila azaldan muqaddas dargoh hisoblanadi. Inson oilada dunyoga keladi, ulg‘ayib kamol topadi. Eng avvalo oila tinch va mustahkam bo‘lsa, ana shundagina jamiyatda barqarorlik bo‘ladi. Tadbirda so‘z olganlar oilaviy nizolarning kelib chiqishi omillari va oqibatlari haqida gapirar ekan, mavzu bo‘yicha statistik ma’lumotlar ham taqdim qildi. Oilaviy ajrimlarni oldini olishga qaratilgan profilaktik film  namoyishi, ayniqsa, barcha uchun foydali bo‘ldi.

Ochiq muloqot davomida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollargi mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti