Harbiy xizmatchilar navbatdagi mavsumiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda

0
907

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari sogʻligʻini tiklash hamda kasalliklarni oldini olish yuzasidan chuqurlashtirilgan bepul tibbiy tekshiruvlarni oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.

Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilar uchun navbatdagi mavsumiy chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik oʻtkazildi.

Tibbiy tekshiruvlar jarayonida Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali tomonidan psixolog, pediatr, endokrinolog, jarroh, terepevt, okulist, lor, kardiolog kabi mutaxassislarni jalb etgan holda mobil oftalmologik klinika va UZI, EKG kabi 4 turdagi zamonaviy diagnostik uskunalari bilan birga qon tahlillarini oʻtkazish uchun laboratoriya jihozlari harbiy qismga keltirilgan.

Tekshiruvlar davomida yurt himoyachilarining sogʻligi yuzasidan muammo va shikoyatlari tinglanib, shu yerning oʻzida tashxislar qoʻyildi va davo muolajalari belgilandi. Qoʻshimcha tekshiruv lozim boʻlganlarga, tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun yoʻllanmalar berildi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilarga chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan oʻtish davriyligi, ortiqcha vazndan sogʻlom tarzda voz kechish tartibi, oilada sogʻlom tibbiy muhit va sogʻlom turmush tarzini yaratish boʻyicha kerakli tavsiyalar berildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti