Qurolli Kuchlar akademiyasida kuch tuzilmalari ishtirokida forum o‘tkazildi

0
1519

Qurolli Kuchlar akademiyasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida axloqiy-ruhiy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan forum o‘tkazildi.

Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi a’zolari, harbiy okrug qo‘shinlarida axloqiy-ruhiy ta’minotga mas’ul mutaxassislar, akademiya professor-o‘qituvchilari, kursantlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik  Hamdam Qarshiyev kirish so‘zida jahon va mintaqada axloqiy-ruhiy tayyorgarlikning nechog‘li dolzarb ahamiyat kasb etishini hayotiy misollar asosida ta’kidladi. Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Hasan Xalilov qo‘shinlarda axloqiy-ruhiy tayyorgarlikni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida ma’lumot berdi.

Forumda repsublikamizning turli hududlaridan videokonferens-aloqa orqali ma’ruza qilgan ofitserlarning “Markaziy harbiy okrug harbiy qism va bo‘linmalarida shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy barqarorligini mustahkamlash borasida qo‘llanilayotgan usul va uslublar”, “Qo‘shinlarda jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini real jangovar vaziyatlarga yaqinlashtirilgan holda o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar”, “So‘nggi yillarda qurolli mojarolarda qo‘llanilayotgan axborot-psixologik ta’sirlar hamda undan himoyalanishning zamonaviy modeli va texnologiyalari” mavzularidagi chiqishlari forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Taqdimotlarda jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatning o‘zgarish dinamikasi, rivojlangan davlatlar qurolli kuchlari shaxsiy tarkibining axloqiy-ruhiy holati, ilg‘or tajribalari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Tadbir so‘ngida qizg‘in muhokamalardan kelib chiqib, mavzu yuzasidan jo‘yali taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti