“Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” koʻrik-tanlovining qoʻmondonlik bosqichi o‘tkazildi

0
816

Toshkent shahridagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlardan birining madaniyat markazida harbiy-vatanparvarlik yoʻnalishida ijod qilayotgan shoirlar, kompozitorlar va yosh ijodkorlarga shart-sharoitlar yaratish, ularni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” koʻrik-tanlovining qoʻmondonlik bosqichi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda harbiy xizmatchilar, davlat va nodavlat tashkiloti vakillari, shuningdek, Markaziy ashula va raqs ansambili xonandalari mehmon sifatida ishtirok etdi.

Koʻrik-tanlovda uchta shart boʻyicha, yaʼni saf, estrada va lirik qoʻshiqlari yoʻnalishi boʻyicha harbiy-vatanparvarlik yoʻnalishida ijod qilib kelayotgan professional va yosh bastakorlar, ijodiy va havaskor badiiy jamoalar, ansambllar, yakka ijrochilar, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari qatnashib, oʻzlarining mahoratlarini namoyish etdilar.

Yakuniy natijalarga koʻra, “Saf qoʻshiqlari” yoʻnalishi boʻyicha Toshkent shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchisi gʻolib deb topilgan boʻlsa, “Estrada” yoʻnalishi boʻyicha Buxoro viloyatidagi harbiy qism harbiy xizmatchi gʻalaba qozondi. “Lirika” yoʻnalishida esa Namangan viloyatida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchisi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Koʻrik-tanlov gʻoliblariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar tantanali topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti