Mudofaa vazirligi jamoasi Hukumat kubogida shohsupadan joy oldi

0
790

Bir necha yildirki, Oʻzbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan bosh vazir kubogi uchun futbol musobaqalari oʻtkazib kelinmoqda. Bu yil esa avvalgilaridan farqli oʻlaroq ushbu musobaqa Hukumat kubogi nomi bilan vazirlik va turli idoralarda faoliyat olib boradigan apparat xodimlari oʻrtasida  tashkil etildi. Maqsad – davlat idoralari xodimlarini faol tarzda sportga jalb etish va ularni ruhlantirishdan iborat.

Jami 33 nafar jamoa 5 kun davomida saralash bahslarida ishtirok etib, ulardan ikki nafari finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Kecha, 20-noyabr kuni poytaxtimizda joylashgan “JAR” sport-sogʻlomlashtirish kompleksida Mudofaa vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati jamoalari oʻrtasida Hukumat kubogining final bosqichi boʻlib oʻtdi.

Muxlislar olqishi ostida boshlangan bahslarni taniqli futbol sharhlovchisi Mirzahakim Toʻxtamirzayev olib bordi.

Teng kurashlar ostida kechgan oʻyinning birinchi taymida jamoalar hisobni 1:1 koʻrinishida yakulashgan boʻlsa, ikkinchi taymda jarima maydonchasidan kiritilgan toʻp Davlat xavfsizlik xizmati jamoasini oldinga olib chiqdi. 2:1 hisobi bilan yakunlangan final bahslarida Mudofaa vazirligi jamoasi faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Taqdirlash marosimida jamoalarga homiylarning qimmatbaho sovgʻalari topshirilar ekan, mutaxassislar tomonidan Mudofaa vazirligi jamoasining oʻyinchilari turli nominatsiyalar boʻyicha eʼtirof etildi.   

Shuningdek futbol kechasiga taniqli sanʼatkorlarning musiqiy chiqishlari va shou sahnalari oʻzgacha atmosfera baxsh etdi.

Katta leytenant Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti