Qo‘mondonlik miqyosida “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining II bosqichi bo‘lib o‘tdi

0
1089

Butun zalni qiyqiriq tutadi. Ko‘zgudagi aksini ko‘rib, o‘zini kulgidan tiya olmayotgan tomoshabinlarning ko‘zlaridan yosh chiqib ketganiga ham guvoh bo‘ldik. Bu jamoalarning tanlovga qizg‘in taraddud ko‘rganidan dalolat berardi.

Chirchiq gornizonidagi uchuvchilar harbiy qismida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qism va muassasalardagi “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining II bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda “Boshqacha”, “Yangi parvoz”, “Samo lochinlari”, “Qanotli qo‘riqchilar” va “Trevoga” jamoalari 3 ta shart bo‘yicha bellashdilar.

Birinchi “Tanishtiruv” shartida jamoalar harbiy xizmat, undan oldingi va keyingi holatlarni satirik muqoyasa qildilar. Kulgili, hayotiy va to‘qima voqealardan foydalanib, o‘zlarini tanishtirishdi.

“Videoklip” shartida esa harbiy xizmat bilan bog‘liq dolzarb muammo va kamchiliklarni, adolatsizliklarni hajviy yo‘sinda namoyish qilib berdilar. “Musiqali uy vazifasi” shartida mashhur qo‘shiq va raqslar harbiy yo‘nalishga moslashtirilib erkin mavzuda sahnaga olib chiqildi. Ayrim o‘rinlarda kulgiga zo‘r berib, hayosiz iboralardan ham foydalanib yuborishganini inobatga olmaganda tanlov ko‘ngildagidek o‘tdi.     

Ularning chiqishlarini baholab borgan hakamlar hay’ati bir ovozdan “Samo lochinlari” jamoasini g‘olib deb topdilar.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti