Davlat bayrogʻi qabul qilingan sana keng nishonlandi

0
733

Bugun, 18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi qabul qilinganiga 31 yil toʻldi. Mazkur sana munosabati bilan Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi” nomli madaniy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Nukus harbiy prokuraturasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahar Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar hamda oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Tantanali tadbir Oʻzbekiston Respublikasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyalarini ijro etish bilan boshlandi. Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Shuhrat Zoirov tadbirni ochib berarkan, davlat bayrogʻining muhim ahamiyatga molik jihatlari, huquqiy asoslari haqida yigʻilganlarga soʻzlab berdi.

Nukus shahridagi Prezident maktabi hamda Ibrayim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan ijod maktabi oʻquvchilarining Oʻzbekiston bayrogʻi tarannum etilgan sheʼriy chiqishlari, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlinmasi xonandalari, “Ayqulash julduzlari” ashula va raqs ansambli hamda Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri jamoasi tomonidan ona yurt, istiqlol, tinchlik va osoyishtalikni tarannum etuvchi kuy va qoʻshiqlar davlat bayrogʻi ulugʻlangan tadbirning joʻshqin kayfiyatda oʻtishini taʼminladi.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi ijodkor yoshlarining Oʻzbekiston bayrogʻi tasvirlari tushirilgan kompozitsion ishlari ishtirokchilarga havola etildi.

Tadbirdan soʻng harbiy xizmatchilar va oʻquvchi-yoshlar harbiy okrug qoʻmondonligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sogʻlom hayot uchun 5000 ming qadam” piyoda yurish aksiyasida qatnashdi. Sogʻlom turmush tarzini odat qilishga targʻib etgan aksiyada harbiylar va yoshlar 31 yoshini qarshi olayotgan Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻini magʻrur qoʻtargancha harbiy orkestr sadolari ostida olib oʻtishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati