Harbiy tibbiyot mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

0
799

Mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish va Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini yanada oshirish maqsadida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi masalalari bilan bogʻliq koʻplab masalalar huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini yanada yaxshilash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada taʼkidlash lozimki, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, faxriylarimiz hamda aholining sogʻligʻini saqlash va mustahkamlash, qoʻshinlar tibbiy taʼminotini oʻz vaqtida va sifatli tashkillashtirish milliy armiyamizning jangovar salohiyatini oshirishda muhim omil hisoblanadi.

Ana shu maqsadda Mudofaa vazirligida malakali harbiy shifokorlarni tayyorlash, ularning mahorati va tajribasini oshirish borasida keng miqyosli ishlar olib borilmoqda. Jumladan:

  • Markaziy harbiy klinik gospitali hududida zamonaviy davolash-diagnostika binosining qurilishi yakunlanib, yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy apparatlar bilan taʼminlandi va 1-avgustdan boshlab toʻliq faoliyatini boshladi;
  • Nukus harbiy gospitalida davolash-diagnostika binosi rekonstruksiya qilindi va zamonaviy tibbiy apparatlar bilan jihozlandi hamda foydalanishga topshirildi;
  • Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi va ambulator-poliklinika markazi binolarini qurish ishlari hamda Termiz va Fargʻona harbiy gospitallarida qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Oʻndan ortiq harbiy qismlar tibbiyot punktlari yangidan barpo etildi;
  • harbiy-tibbiy muassasalarga 98 turdagi zamonaviy tibbiyot uskunalari sotib olindi.

Matbuot anjumanida mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi polkovnik Otabek Yuldashev, Mudofaa vazirligi Tibbiy taʼminot boshqarmasi boshligʻi tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulaxatov, Tibbiy taʼminot boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari tibbiy xizmat polkovnigi Abdugʻani Yuldashev, Markaziy harbiy klinik gospitali bosh otolaringologi tibbiy xizmat polkovnigi Shuhrat Qoʻchqorov spiker sifatida mavzu yuzasidan olib borilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar haqida tegishli maʼlumotlar berib, Respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillarining tibbiy xizmat koʻrsatishni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqidagi savollariga javob berdilar.

Matbuot anjumanida Mudofaa vazirligining soha yoʻnalishi boʻyicha masʼul bosh boshqarmalar boshliqlari hamda Respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti