Harbiy bilim yurti 104 yoshda

0
2660

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining tashkil etilganligiga bugun 104 yil boʻldi. Shu munosabat bilan bilim yurtining katta majlislar zalida tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi mutasaddilari, Chirchiq shahar hokimligi vakillari, faxriylar, sobiq bitiruvchilar ishtirok etdi. Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonovning bilim yurti jamoasiga yoʻllagan tabrigini polkovnik Xasan Xalilov oʻqib eshittirdi, esdalik sovgʻalarini bilim yurti boshligʻi polkovnik Shavkat Mamajonovga topshirdi.

Shundan soʻng Shavkat Mamajonov soʻzga chiqib, bilim yurtining tarixi va buguni haqida faktlar orqali qisqa maʼruza qildi:

—1918-yilning 16-noyabr kuni Sovet Rossiyasining Nijniy Novgorod shahrida piyoda qoʻshinlari uchun komandirlar tayyorlash kurslari tashkil etiladi. 1941-yilning 15-noyabr sanasida Oʻzbekistonga koʻchirib olib kelingan ushbu harbiy oʻquv baza Chirchiq shahriga joylashtiriladi. 1966-yilga kelib bilim yurtiga oliy oʻquv yurti maqomi berilib, oʻquv muddati 4 yil etib belgilangan. Bugungi kunda Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining qiyofasi tubdan oʻzgardi. Soʻnggi ikki yil ichida kursantlar uchun qurib foydalanishga topshirilgan zamonaviy oʻquv binolari, yotoqxona, amaliyot xonalari va eng soʻnggi texnologiyalar bilan jixozlangan maxsus oʻquv xonalari bunga yorqin misol. Boʻlajak ofiserlarni ham maʼnan, ham jismonan zamon talablariga javob bera oladigan yetuk kadr boʻlib yetishishlarida ustozlarning oʻrni beqiyos. Bugungi kunda bilim yurtida taʼlim va tarbiya berayotgan oʻqituvchi ustozlarning 26 nafari dotsent, 15 nafari PhD (falsafa fanlari doktori), 3 nafari DSc (fan doktori) ilmiy darajasiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari markaziy ashula va raqs ansanbili xonandalarining “Tankchilar” va “Desantchilar” kabi qoʻshiqlari tadbir ishtirokchilariga bayramoni tuhva boʻldi. Juda yuqori kayfiyatda oʻtgan tadbir barchaga birdek manzur boʻldi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamanti