Hamkorlikdagi faoliyat tinchlik va osoyishtalik kafolati

0
1569

Biroz salqin boʻlishiga qaramasdan yoqimli, toza havoda saf tayyorgarligi bilan shugʻullanayotgan harbiy libosdagi davlat boshquruv organlari rahbarlarining harbiy hayotga moslashishlari u qadar qiyin boʻlmadi. Ularning aksariyati muddatli harbiy xizmatni oʻtagan yoki harbiy kafedrada tahsil olgan. Orasida rosmana harbiy xizmatni oʻtab, yurt ravnaqi yoʻlida xizmat qilib, nafaqa gashtini surayotganlari ham bor.

Avval xabar qilganimizdek, Mudofaa vazirligiga qarashli Chirchiq umumqoʻshin poligonida davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yigʻin oʻtkazilmoqda.

Belgilangan reja asosida vazirlar, raislar, agentlik va inspeksiya boshliqlarining oʻrinbosarlari, bosh direktorlar qoʻshinlar kundalik faoliyati bilan tanishgan holda, mamlakat mudofaasini tashkillashtirish doirasida yuklatilgan vazifalar bajarilishining samaradorligini oshirish uchun bevosita harbiy xizmat muhitida boʻlmoqdalar.

Mazkur yigʻin orqali davlat hokimiyati organlari rahbarlarini jangovar tayyorgarlik fanlari boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish yoʻli bilan avval olingan harbiy koʻnikmalarini qayta tiklash (shakllantirish) va takomillashtirish, shuningdek, hududiy mudofaa va fuqarolarni himoya qilishni oʻrganish (oʻzlashtirish), maʼnaviy-axloqiy va maʼnaviy-ruhiy sifatlarini rivojlantirish, davlat harbiy qurilish ishlarida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirish, daxldorlik hislarini oshirish maqsad qilingandi.

Yigʻinda Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ham ishtirok etib, bir necha kun davom etadigan mashgʻulotlar mamlakat armiyasining qudrati bilan yaqindan tanishish, hamkorlikda faoliyat olib borish yoʻlida munosabatlarni mustahkamlash uchun yetarli imkoniyat ekanini taʼkidladi.

Davlat boshqaruv organlari rahbarlari jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat boʻyicha tahliliy maʼlumotlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirishda harbiy-maʼmuriy sektorlarning faoliyati va ahamityai bilan yaqindan tanishdilar. Ular harbiy aloqa, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, sport hamda otish tayyorgarliklaridan oʻtib, oʻzlarining bilim, tajriba va koʻnikmalarini mustahkamladilar.

– Ishonasizmi, harbiy libos egnimda tursa, dunyoga boshqacha nazar tashlay boshlashimni his qildi. Goʻyo, Vatan mudofaasiga zimmamda turgandek. Mashgʻulotlar davomida professional mutaxassislardan nazariy bilimlar oldik, amaliy koʻnikmalarimizni mustahkamladik. Qurol-aslahalarni yigʻib-sochish, aloqa vosilari bilan ishlash, harbiy tibbiyot asoslaridan oʻzimizni sinab koʻrish davomida menga harbiy kafedrada oʻrganganlarim asqotdi. Zaxiradagi leytenant sifatida harbiy libosda Vatan himoyachilari safida ekanimdan yashirmayman faxr hissini tuydim, – deydi Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari Nusratilla Zikrillayev.

Ishtirokchilar faqat harbiy mashgʻulotlar bilan cheklanib qolmadilar. Ular orasida turli sport oʻyinlari boʻyicha musobaqalar tashkil qilindi. Turnikda tortilish, tosh koʻtarish, arqon tortish, futbol, voleybol boʻyicha bellashuvlarda turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz oʻzlari uchun jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishga vaqt topa olayotganliklarini isbotlashdi. Ayniqsa, yoshi ulugʻ kishilarning boshqalardan qolishmasdan mashqlarni toʻlaqonli bajarishi boshqalarning olqishiga sazovor boʻldi.

Yigʻin mashgʻulotlari davom etmoqda.

Kapitan Aziz Norqulov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti