“Amir Temur jangovar bayrogʻi uchun” musobaqa qizg‘in pallaga kirdi

0
861

Xabar berganimizdek, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida “Amir Temur jangovar bayrogʻi uchun” musobaqa boshlangan. Bugun asosiy shartlardan boʻlgan milliy kurash va kitobxonlik bellashuvlari boʻlib oʻtdi. Harbiy okruglar va qoʻmondonliklardan tashrif buyurgan ishtirokchilar orasidagi musobaqa shaffof va murosasiz oʻtishi uchun oʻsha sohaning mutaxassislari jalb etilgani diqqatga sazavor.

Jumladan, milliy kurash bahsiga Oʻzbekiston kurash federatsiyasining xalqaro toifadagi hakamlari boshchilik qildi. Ular tomonidan har bir holat sinchkovlik bilan kuzatilgan holda, aniq qarorlar qabul qilindi. Sportda doimiy ravishda baxsli holatlar uchrab turishi tabiiy. Shu va shunga oʻxshash savolli eʼtirozlar joyida tahlil qilinib, soha mutaxassislari tomonidan adolatli qarorlar qabul qilindi.

Harbiy xizmatchilar orasida oʻtkazilgan kitobxonlik bahsi professor Qozoqboy Yoʻldoshev va Turon fanlar akademiyasining akademigi Zuxra Berdiyeva nazorati ostida oʻtkazildi. Oʻzbek va jahon adabiyoti namoyondalarining hayoti hamda ijodiga oid savollar yashiringan konvertlarni tanlab olish orqali javob bergan musobaqa ishtirokchilarining javoblari komissiya aʼzolari tomonidan baholab borildi. Ushbu shartda ishtirokchilar tomonidan hayʼat aʼzolariga hech qanday eʼtirozlar boʻlmadi. Xulosa qilish mumkinki, musobaqa juda adolatli oʻtishi bilan bir qatorda, oʻta qiziqarli pallaga kirib bormoqda.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti