«Shunqorlar» harbiy-sport oʻyinlarining respublika bosqichi o‘tkazildi

0
1821

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining yoshlarni turli kasblarga yoʻnaltirish, oʻsib kelayotgan avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning sportning texnik amaliy turlariga qiziqishlarini yanada orttirish yoʻlida olib borayotgan faoliyati har qanday eʼtirofga loyiq. Shuning uchun tashkilotni bemalol jamiyatimiz taraqqiyoti ummonida suzib borayotgan ulkan kemaga oʻxshatish mumkin.

Jamiyatimiz taraqqiyoti ummonida suzib borayotgan ana shu ulkan kema –  “Vatanparvar” tashkiloti avtokross, motokross, pnevmatik quroldan oʻq otish, yozgi biatlon, duatlon, triatlon, aviamodel, raketamodel, kemamodel kabi sportning texnik-amaliy turlari boʻyicha respublika hamda xalqaro miqyosdagi yuzlab chempionlarni yetkazib berdi. Shu bilan birga tashkilot bayrogʻi ostida oʻtkazilib kelinayotgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining tashkillashtirilib kelinayotgani ham mahalla, tuman va shahar yoshlarini bir maqsad yoʻlida birlashishga xizmat qilib qilmoqda.

«Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi raisi Kubogi uchun «Shunqorlar» harbiy-sport oʻyinlarining respublika bosqichiga “Chirchiq” dala oʻquv maydoni mezbonlik qildi. Viloyat, shahar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosida tashkillashtirilgan hududiy bahslarda gʻoliblikni kiritgan 14 jamoa “Chirchiq” dala oʻquv maydonida oʻtkazilgan hal qiluvchi bellashuvga yetib keldi. “Shunqorlar” harbiy sport musobaqasi qatnashchilari Qurolli Kuchlar akademiyasi bazasi yotoqxonalariga joylashtirilib, har bir jamoa aʼzosi uch kun davomida oʻzini Vatan himoyachilaridek his etishlariga imkoniyat yaratib berildi. Askarlar yotoqxonasi, askarcha hayot tarzi, askar oshxonasidagi muhitdan ruhlangan oʻgʻil-qizlar musobaqa shartlarini bajarish davomida gʻalabaga boʻlgan shijoat, matonat va chidamlilik xislatlarini namoyish etishdi.

17 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan 154 nafar oʻgʻil-qizlardan tashkil topgan jamoalar harbiy-vatanparvarlik,  harbiy-amaliy koʻpkurash va sport kabi bir-biridan qiziqarli uchta yoʻnalish boʻyicha oʻzaro bellashdilar. «Harbiy-vatanparvarlik yoʻnalishi»da jamoalar Oʻzbekiston harbiy tarixiga doir bilimlarini namoyon etish bilan birga fotoalbomlar, vimpellari, «Men nechun sevaman Oʻzbekistonni» mavzusidagi taqdimotlari hamda harbiy-vatanparvarlik varaqalarini hakamlar hayʼatiga taqdim qilishdi.

«Harbiy-amaliy koʻpkurash»da jamoalar aʼzolari pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha bellashdilar. Estafeta qatnashchilari «AK-74» avtomatini notoʻliq qismlarga ajratish va toʻliq yigʻish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardilar. Sport yoʻnalishida esa duatlon (yugurish va velopoyga), 100 metrga yugurish, turnikda tortilishkabi shartlarni oʻz ichiga oldi.

«Shunqorlar» harbiy-sport oʻyinlari davomida yoshlarning musobaqa shartlarini bajarishlarida gʻalabaga boʻlgan ishtiyoqi, harbiylikka boʻlgan qiziqishi, chaqqonligi, mahorati hamda shijoati yaqqol koʻzga tashlanib, ushbu oʻyinlarning murosasiz, qiziqarli kurashlarga boy boʻlishini taʼminladi.

Doʻstona ruhda, shu bilan birga murosasiz kechgan musobaqada Xorazm viloyati sharafini himoya qilgan “Jaloliddin Manguberdi” jamoasining qoʻli baland kelib, Kubok sohibiga aylandi. Keyingi oʻrinlar Namangan (“Yurt qalqonlari”) va Samarqand (“Xumo”) viloyati yoshlariga nasib etdi.

«Shunqorlar» harbiy-sport oʻyinlarining respublika bosqichi gʻoliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimi barcha ishtirokchilarning bir umr yodidan chiqmaydigan taassurotlarga boy boʻldi. Negaki, musobaqa gʻolib va sovrindorlari «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentiligi direktori o‘rinbosari, senator Jamshid Xodjayev, Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Hasan Xalilov, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Shohruh Qudratov kabi insonlardan diplomlar, medallar va esdalik sovgʻalarini qabul qilib olishdi. Shuningdek, Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli xonandalari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Marat Hakimov ijrosidagi kuy-qoʻshiqlardan bahramand boʻlishdi. Yoshlar esa oʻz navbatida sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan «Bayrogʻing boshingda hilpirar», «Men gʻolib» kabi harbiy vatanparvarlik qoʻshiqlarini joʻr ovozda kuyladilar.

Taʼkidlash joizki, respublika va hududiy miqyosda oʻtkazib kelinayotgan «Shunqorlar» harbiy-sport oʻyinlari “Vatanparvar” tashkilotining «Vatanparvarlik – oliy maqsadim!» konseptual harbiy-vatanparvarlik gʻoyasi ostida yoshlarni birlashtirishga mustahkam zamin yaratib kelmoqda. Bu jarayonda tarbiyalanayotgan vatanparvar yoshlar mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlashda, ravnaq topishida salmoqli hissa qoʻshishini anglatadi. Zero, «Shunqorlar» harbiy-sport oʻyinlarini oʻtkazishdan asosiy maqsad yoshlarni harbiy-vatanparvarlik va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, chaqiriq yoshidagi oʻsmirlarni Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilishga tayyorlab borish hisoblanadi. “Chirchiq” dala oʻquv maydonida oʻtkazilgan bellashuv bu ezgu maqsadni amalda yana bir marta isbotlab berdi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti