“Amir Temur jangovar bayrogʻi uchun” musobaqasi: chavandozlar bahsi boshlandi

0
1066

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-noyabrdagi qaroriga asosan Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida har ikki yilda bir marotaba “Amir Temur jangovar bayrogʻi uchun” musobaqasi oʻtkazilishi belgilangan.

Ushbu musobaqada yurt himoyachilarining maʼnaviy-intelektual tayorgarligini, jangovar xizmat faoliyatida erishgan yutuqlarini munosib ragʻbatlantirish, harbiy okruglar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tashkil etilayotgan mazkur musobaqada okrug qoʻshinlari faol ishtirok etmoqda. Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarning milliy sport turlari va milliy qadriyatlar yoʻnalishlari boʻyicha ham bellashuvlar oʻtkazilishi ham koʻzda tutilgan.

Kecha ushbu musobaqaga start berilib, qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 15-noyabr kuni Chimyon togʻ tayyorgarlik markazida barcha jamoalar yuqori shaylik va birdamlik bilan musobaqaning birinchi sharti doirasida “Ot minish” mashqlarini bajarishga kirishishdi.

Milliy qadriyatlarimizga hurmat va er yigit qanoti hisoblanmish ot minish anʼanalarini yanada ommalashtirish, ayniqsa, harbiy xizmatchilar uchun katta masʼuliyat va sharafdir. Ne-ne sarkardalar ot ustida qahramonlik koʻrsatib, dovrugʻ qozonishgan. Vafodorlik va sadoqat ramzi sanalmish tulpor oʻz egasini har doim qiyin vaziyatlardan olib chiqqan. Bu xususida tarixiy manbalarda ham koʻplab dalillar keltiriladi. Shularni teran his qilgan holda chavandoz oldida turgan eng asosiy vazifa ot bilan mustahkam aloqa oʻrnata olish, bir-birini soʻzsiz tushunish masalasidir.

Musobaqa davomida chavandoz yigitlar eng qisqa vaqtda otni ushlash, egarlash va unga mingan holda bir metr balandlikdan va kengligi ikki metr xandaqdan sakrab oʻtib, 200 metr masofani yugurib oʻtish shartlarini bajarishdi. Asosiysi, jamoa aʼzolari oʻzlariga boʻlgan yuksak ishonch va jangovar ruhni sira tushirganlari yoʻq. Bu esa chavandozlarga olgʻa harakat qilish, mashqlarni shijoat bilan bajarish imkonini bergani shubhasiz.

Hali oldinda rejaga muvofiq jamoalarni ikkinchi va uchinchi shartlar kutib turibdi. Ikkinchi shart “Harbiy chavandozlar mashqi” boʻlib, unda ishtirokchilar umumiy toʻrt ming metr masofaga yoʻnalish boʻylab otda harakatlanib, kolonnada sherengada yurish, ot boʻyidan kelib chiqib oʻrnatilgan eni-boʻyi chegaralangan toʻsiqlardan oʻtish, zigzag va 90 gradusli keskin burilishdan oʻtish, 3 ming metr masofaga otlar poygasi va otda harakatlangan holda aniqlikka granata uloqtirish kabi mashqlarni bajarishlari kerak.

Uchinchi shart esa “Chavandozlik estafetasi” boʻlib, har bir chavandoz 500 metrlik masofaga bir-biriga estafeta tayoqchasini bergan holda galma galdan ot choptirib boradi. Eng qizigʻi, chavandozlar harakatni boshlashdan oldin ot egarida emas, yaʼni yerda turgan holda boʻladi.

Xullas, keskin va munozarasiz tus olishi kutilayotgan ushbu musobaqada barcha shartlar kogmissiya tomonidan aniq vaqt hisobida oʻlchanib, shartlarni qisqa vaqtda bexato bajara olgan jamoa gʻolib deb topiladi.

Eslatib oʻtamiz, musobaqa ikki bosqichda tashkillashtirilib, birinchi bosqichda jangovar xizmat-faoliyat, koʻrik tanlovlar, sport musobaqalari va turli bellashuvlar, professional tayyorgarlik, oʻquv va mashqlar, inspektorlik sinovlari, nazorat (yakuniy) sinovlari, axloqiy-ruhim tayyorgarlik, harbiy intizom, huquq-tartibot boʻyicha maʼlumotlar boʻyicha sinovlar olib borilsa, ikkinchi bosqichda Mudofaa vazirligining maxsus komissiyasi tomonidan yil davomida turli xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqa hamda koʻrik-tanlovlar natijalari sarhisob qilinadi. 140 ga yaqin koʻrik tanlov va bellashuvlarni oʻzida jamlagan  mazkur nufuzli musobaqa natijalari joriy yilning dekabr oyida umumlashtiriladi.

Biz sizga doimiy ravishda musobaqa tavsilotlari haqida maʼlumotlar berib borishga harakat qilamiz.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV,

Qurolli Kuchlar xizmatchisi Mirjalol ABDUJABBOROV

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti