“Chirchiq” poligonida davlat boshqaruv organlari rahbarlari ishtirokida yigʻin boshlandi

0
2703

Mudofaa vazirligiga qarashli Chirchiq umumqoʻshin poligonida davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimyati organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yigʻin boshlandi.

Yigʻin davomida vazirlar, raislar, agentlik va inspeksiya boshliqlari, bosh direktorlar qoʻshinlar kundalik faoliyati bilan tanishgan holda, mamlakat mudofaasini tashkillashtirish doirasida yuklatilgan vazifalar bajarilishining samaradorligini oshirish uchun bevosita harbiy xizmat muhitida bo‘ladilar.

Mazkur yigʻin orqali davlat hokimiyati organlari rahbarlarini jangovar tayyorgarlik fanlari boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish yoʻli bilan avval olingan harbiy koʻnikmalarini qayta tiklash (shakllantirish) va takomillashtirish, shuningdek, hududiy mudofaa va fuqarolarni himoya qilishni oʻrganish (oʻzlashtirish), maʼnaviy-axloqiy va maʼnaviy-ruhiy sifatlarini rivojlantirish, davlat harbiy qurilish ishlarida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirish, dahldorlik hislarini oshirish maqsad qilingan.

Yigʻinning birinchi kunida belgilangan yigʻin punktiga yetib kelgan vazirlik va idoralar rahbarlari tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, ularga kiyim-kechak va anjom-aslahalar topshirildi va ishtirokchilar harbiy-hisob mutaxassisligi boʻyicha guruhlarga taqsimlandi.

Tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ham ishtirok etib, yigʻish ishtirokchilarini qutladi, bir necha kun davom etadigan mashgʻulotlar mamlakat armiyasining qudrati bilan yaqindan tanishish uchun ajoyib imkoniyat ekanligini taʼkidlab, barchaga omad tiladi.

Taʼkidlash kerakki, 18-noyabrga qadar davom etadigan yigʻin davomida davlat boshqaruv organlari rahbarlari jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat boʻyicha tahliliy maʼlumotlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirishda harbiy-maʼmuriy sektorlarning faoliyati va roli bilan tanishadi.

Shuningdek, yigʻin ishtirokchilari aloqa, taktik-tibbiy, harbiy sport hamda otish tayyorgarliklaridan oʻtib, oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlaydi.

Operativ, safarbarlik, axloqiy-ruhiy, taktik tayyorgarliklardan oʻtish orqali zamonaviy armiyamizda olib borilayotgan islohotlardan atroflicha boxabar boʻlib boradi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti