Ommaviy yugurish musobaqasi

0
2036

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun arafasida Toshkent shahridagi “Humo Arena” muz saroyi hududida “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtdi.

Ushbu sport musobaqasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston kasabalar federatsiyasi, “O‘zbekneftgaz” AJ, O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi hamda yugurish havaskorlari klublari ko‘magida Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etildi.

Mazkur bellashuv respublikamiz bo‘yicha 15 ta shaharda bir vaqtda “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida oʻtkazildi. Jumladan, Toshkent shahrida musobaqalar “Yangi Oʻzbekiston”, “Ashxobod” bogʻlari va “Humo Arena” muz saroyida tashkil etildi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov butun respublikamiz bo‘ylab Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan sport-vatanparvarlik musobaqasining ahamiyati, davlat bayrog‘i har bir sportchi uchun g‘alabalar va yutuqlarining timsoli, g‘urur va shon-sharaf, milliy birdamlik ramzi ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Qayd etish lozim, mazkur ommaviy yugurish musobaqasida butun respublika bo‘ylab 40 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Sport ommaviy tadbirlariga inklyuziv qadriyatlarning joriy etilishi Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqalarining muhim qismi bo‘lib hisoblanadi. Adliya vazirligining ko‘magida har bir Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasiga nogironligi bo‘lgan yuguruvchilar jalb etildi. Tashkilotchilar tomonidan “G‘alabaga iroda uchun” maxsus nominatsiyasi ta’sis etildi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan tantanali tarzda taqdirlandi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti