Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik tizimini takomillashtirishga bagʻishlangan yigʻin

0
1717

Oʻsmir yigitlarni harbiy xizmatga tayyorlashni yangi bosqichga chiqarish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan 2020-yildan boshlab har yili bir marotaba Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi umumtaʼlim va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari bilan oʻquv-uslubiy yigʻin mashgʻulotlari tashkil etilmoqda.

Navbatdagi oʻquv-uslubiy yigʻinda Qoraqalpogʻiston Respublikasining 718 ta umumiy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalaridagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.

Maktablarda taʼlim-tarbiya jarayonini tashkillashtirish va olib borish sifatini yanada oshirish, harbiy vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning ilgʻor usullarini keng targʻib etish va amaliyotda qoʻllash masalalariga yagona tarzda yondashilishini shakllantirish kabi maqsadlarni koʻzlagan tadbir Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida oʻtgan konferensiyadan boshlandi.

Tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda okrug qoʻmondonligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar xususida toʻxtalib oʻtdi. 

Konferensiya ishida dunyoda va Markaziy Osiyo mintaqasida harbiy siyosiy vaziyat, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha vazifalar, milliy armiyamizdagi islohotlar va erishilayotgan yutuqlar, yoshlarning jamiyatdagi oʻrni va roli, CHQBT fani boʻyicha mashgʻulotlarni oʻtkazish tartibi hamda uslubiyoti yuzasidan batafsil maʼlumotlar yetkazildi.

Taʼkidlash lozimki, Qoraqalpogʻiston Respublikasining 16 ta tumani va 1 ta shahridagi Xalq taʼlimi vazirligiga qarashli bittadan umumtaʼlim maktablari tayanch maktabi sifatida, tuman va shahar mudofaa ishlari boʻlimlariga biriktirilgan. Ushbu maktablardagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani boʻyicha oʻquv moddiy baza tubdan yangilanib, taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarishga, ushbu maktablarning bitiruvchilari orasida oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga hamda muddatli va kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga boruvchilar soni ortishiga erishilmoqda.

Nukus garnizonida oʻtkazilgan konferensiyada “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati rahbari polkovnik Bahrom Zulfiqorov soʻzga chiqib, harakatning vazifalari, yoʻnalishlari hamda uning faoliyatini yoʻlga qoʻyishning ahamiyati borasida nutq soʻzladi.

Yigʻinning koʻrgazmali qismida ishtirokchilar harbiy qism kichik poligonida hamda Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonida 20 dan ortiq oʻquv nuqtalarida tashkillashtirilgan oʻqotar qurollarni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalanish, harbiy topografiya, taktika, saf tayyorgarligi, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, muhandislik tayyorgarligi kabi mashgʻulotlarini kuzatib, amalda mashqlarni bajarishdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda safarbarlik chaqiruv batalyonida yaratilgan sharoitlar, harbiy okrug tarixi muzeyi bilan yaqindan tanishishdi. Faol chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan esdalik sovgʻalari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati