Kakaydi garnizonida “Ochiq eshiklar” kuni o‘tkaziladi

0
716

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb masalasidir. Shu bois harbiy qismlar va umumta’lim maktablari hamkorligida joylarda keng ko‘lamli tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi garnizoniga qarashli harbiy qismlarning birida tashkil etilgan navbatdagi “Ochiq eshiklar” kuni ana shunday tadbirlar sirasiga kiradi. Unda Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan umumta’lim maktabalarining 100 dan ortiq o‘quvchilari qamrab olindi.

Dastlab o‘quvchilarga harbiy qismda mavjud harbiy texnika va o‘quv qurollari mutaxasislar tomonidan tanishtirildi. Ayniqsa, harbiy qismda mavjud zamonaviy kutubxona yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Kutubxona bilan yaqindan tanishish fonida harbiy xizmatchilar va o‘quvchi yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intelektual o‘yini ham tashkil qilindi.

Bundan tashqari ochiq eshiklar kuni doirasida ertamiz egalari uchun “Vatanrparvarlik soati” darslari o‘tildi. Dars davomida harbiy xizmatchi bo‘lishni maqsad qilgan yoshlarga respublikamizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalari haqida kerakli ma’lumotlar berib o‘tildi. Qurolli Kuchlarimiz qudrati aks etgan videorolik namoyishi ham shular jumlasidan.

Ochiq eshiklar kuni qiziqarli va yoshlar uchun foydali o‘tgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni