Prezident asari mazmun-mohiyatini oʻrganishga bagʻishlangan tadbir

0
512

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Soʻnggi besh yilda harbiy sohada ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda istiqlol yillarida yaxshi qurollangan, ixcham, tezkor va qudratli armiya shakllantirildi. Harbiylarimiz har qanday vaziyatda ham sarhadlarimiz daxlsizligini, osmonimiz musaffoligini taʼminlashga qodir ekanliklarini namoyon qilmoqdalar.
– Ayni paytda mintaqa va butun dunyoda murakkab harbiy-siyosiy vaziyat kuzatilayotgan, terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi ortib borayotgan bugungi sharoitda Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini yanada oshirishga, yangi jangovar texnikalar bilan taʼminlashga, harbiylarimizning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Asarda strategik vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan asosiy saʼy-harakatlarni ifoda etgan 6 ta ustivor vazifalar ham belgilab berilgan, – deydi Oʻzbekiston liberal demokratik partiyasi Jarqoʻrgʻon tuman kengashi rahbari Botir Kenjayev
Taqdimotda soʻzga chiqqanlar Prezident asari oʻzida yaqin va oʻrta istiqboldagi Yangi Oʻzbekiston qiyofasini aks ettirganiga alohida urgʻu berishdi. Malakali professor-oʻqituvchilar tomonidan kitobning “Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi”, “Xalqparvar davlat”, “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Maʼnaviy taraqqiyot”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat”, “Oʻzbekiston va umumbashariy muammolar” nomli 7 ta boʻlimi sharhlab berildi.

– Davlatimiz rahbarining yangi kitobidan oʻrin olgan “Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida islohotlarimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan jamiyatimiz aʼzolarining bor bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlarini, butun azmu-shijoatimizni ishga solishimiz zarur. Shundagina Yangi Oʻzbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi”, degan soʻzlari butun xalqimiz, xususan, kelajak bunyodkorlari boʻlgan yosh avlod ongu tafakkurini boyitish, “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi haqidagi mulohazalar alohida ahamiyatli boʻldi, – deydi mayor Ilhom Sadatdinov.
Tadbir davomida ishtirokchilarga asarda belgilab berilgan ushbu vazifalarning mazmun-mohiyati tushuntirib oʻtildi. Oʻz oʻrnida harbiylar ham soʻz olib, Vatanimiz hududlarining daxlsizligini, xalqimiz tinchligini saqlash uchun bor kuch va imkoniyatlarini ayamasliklarini taʼkidlab oʻtishdi.
“Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi” kitobi taqdimoti va targʻibotiga bagʻishlangan tadbir, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar harbiy okrugning boshqa garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarda ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni