Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun sayyor qabul tashkil etildi

0
880

Olmaliq shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun harbiy qism komandiri va Olmaliq shahar hokimligi tomonidan sayyor qabul tashkil etildi. Unda Toifalangan obyektlarni qo’riqlash qo’shinlari qo’mondonligi mas’ullari, Olmaliq shahar hokimi, hudud Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i va boshqa hamkor tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda harbiy hizmatchilar va ularning oila a’zolarini qiynab kelayotgan muammolar o‘rganilib, ular bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganishlar olib borilishi belgilandi. Sayyor qabul davomida harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha Olmaliq shahar Aholi bandligiga ko’maklashish markazi tomonidan shaharda joylashgan davlat tashkilotlari va birlashmalarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, bir qancha harbiy xizmatchilarning oila a‘zolari shu yerning o‘zida ma’lum ish bilan ta’minlandi.

Tadbir so‘ngida harbiy qism badiiy jamoasi tomonidan tayyorlangan “Tubanlik girdobida” nomli spektakl namoyosh etildi. Shundan so‘ng jangovar va ma’naviy jihatdan namunali xizmat olib borib, safdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan harbiy xizmatchilar munosib taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti