Chimyonda «Eng ilg‘or tog‘ ishg‘ol guruhi» bellashuvi bo‘lib o‘tadi

0
1086

O‘zbek alpinizm sporti haqida gap ketganda Ilyas Tuxvatulin, Vadim Elchibekov, Anatoliy Lyabin, Oleg Baxtiyorov, Rustam Rajabov, Andrey Zaikin, Konstantin Boysov, Sergey Denisenko kabi dunyoga mashhur o‘zbekistonlik alpinistlar erishgan yutuqlar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Mamlakatimizda bu sport turining yana bir ko‘rinishi borki, u haqda xalqaro armiya o‘yinlarining «Elburs xalqasi» bahslarini kuzatib borayotganlar yetarli ma’lumotga ega.

Harbiy alpinistlar orasida ham yuqorida nomlari sanalgan insonlar singari tanilganlarni istagancha sanash mumkin. Zokir Yalakayev, Farrux Toshev, Abror Nazirov, Rustam Tog‘ayev, Zafar Xoljigitov, Sodiq Niyazimbetov, Abdumuxtor Abdug‘aniyev, Karim Muhiddinov, Iqboljon Kamolov, Islom O‘ktamov, Husniddin Hizraliyev, Jo‘rabek Xudoyberdiyevning har biri baland qoyalarni zabt etishda o‘z uslub va an’analari bilan tanilgan. Harbiy xizmatchilarning jangovar va jismoniy tayyorgarligini yanada oshirish maqsadida harbiy alpinizmning Qurolli Kuchlar tarkibiga kiritilgani bu borada erishilgan yutuqlardan biridir. «Chimyon» tog‘-tayyorgarlik o‘quv markazi hamda «Saridala», «Oltinkon», «Toshqo‘rg‘on» kabi uning hududiy o‘quv bazalarining ishga tushirilishi, ularda turli musobaqalarning muntazam o‘tkazilishi muvaffaqiyatlar jarayonini yanada jadallashtirdi.

Noyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida Mudofaa vazirligi «Chimyon» tog‘ tayyorgarlik o‘quv markazida harbiy xizmatchilar o‘rtasida tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha navbatdagi ana shunday o‘ziga xos qiziqarli musobaqa bo‘lib o‘tadi. «Eng ilg‘or tog‘ ishg‘ol guruhi»  bellashuvida o‘ndan ortiq jamoa ishtirok etishi rejalashtirilgan va ular orasida xalqaro armiya o‘yinlarining «Elburs xalqasi» yo‘nalishi sovrindorlari hamda rekordchilari borligi bahslarning murosasiz kurashlar bilan kechishini ta’minlaydi. Jamoalar tik qoyaga ko‘tarilish, tog‘ hududida uzoq masofani bosib o‘tish, tibbiy yordam ko‘rsatish, aloqa vositalari va alpinizm sporti anjomlaridan foydalanish nazariyasi va boshqa o‘nlab bir-biridan qiziqarli shartlar bo‘yicha mahoratlarini namoyish etishadi.

Ayni damda jamoalar musobaqada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritish uchun harakatlarni allaqachon boshlab yuborishgan. Negaki harbiy xizmatchilar aynan shunday bellashuvlarda xalqaro musobaqalarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishini yaxshi anglashadi. Bahslarga tayyorgarlik jarayoni Mudofaa vazirligi «Chimyon» tog‘ tayyorgarlik markazi va uning hududiy bazalarida yil davomida to‘xtovsiz o‘tkazilib kelinadi. Buni birgina «Chimyon» tog‘ tayyorgarlik markazining faoliyati misolida ko‘rishimiz mumkin.

Biz ijodiy guruhimiz bilan birgalikda musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotgan jamoaning ikki kunlik mashg‘ulotlarini kuzatish davomida «Katta Chimyon» (dengiz sathidan balandligi 3309 metr) bilan deyarli yonma-yon joylashga «Burgut qoyasi» ostidagi g‘orga ko‘tarildik.

Tog‘ darasi bo‘ylab tepaga tomon ko‘tarilib borar ekanmiz, Zafar Xoljigitov, Abdumuxtor Abdug‘aniyev, Iqboljon Kamolov, Islom O‘ktamov, Jo‘rabek Xudoyberdiyev kabi tajribali yigitlarning mahoratiga yana bir marta amin bo‘ldik. Deyarli tik qoyalarda o‘rgimchak odam singari bemalol harakatlanishga o‘rganib qolgan bu harbiy xizmatchilardan ikki kun davomida qoyaga ko‘tarilishning ba’zi sirlarini o‘rganib oldik. Chiqishda gavdani oldinga, tushishda esa orqaga tashlab yurish, oyoqni qanday bosish, qo‘l bilan nimadan ushlash kabi qimmatli yo‘riqlar asosida harakatlanish jarayonida xavfsizligimiz ta’minlandi. Tog‘ ishg‘ol guruhi jamoasi musobaqa shartlari bo‘yicha mashg‘ulotlarni tinimsiz yomg‘ir va do‘l ostida bajarishiga qaramay, ularning harakatlarida aniqlik, uyushqoqlik, qat’iylik jihatlari ko‘zga tashlanib turdi. Shuning uchun erta tongdan qosh qoraygunga qadar davom etgan mashg‘ulotlar davomida jamoa o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad yo‘lida navbatdagi to‘siqlarni yengib o‘tdi.

Kechki payt pastda tog‘ ishg‘ol guruhini yana bir mas’uliyatli vazifa kutib turgandi. Shu kuni Toshkent shahri alpinizm to‘garagi tarbiyalanuvchilari va Bo‘stonliq tumani maktab o‘quvchilari uchun «Chimyon» tog‘ tayyorgarlik o‘quv markaziga ekskursiya tashkillashtirilgandi. Tog‘dagi mashg‘ulotlarda qatnashgan harbiy xizmatchilar o‘quv markazi sport zalida yangi barpo etilgan sun’iy qoyada bolajonlar uchun mahorat darsi (master klass)  o‘tishdi. Harbiy yo‘riqchilar yordamida maktab o‘quvchilari ham vaziyatdan unumli foydalanib, sun’iy qoyaga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

P.S: Bolajonlarning yozgi va qishki ta’tilni mazmunli o‘tkazishi uchun Mudofaa vazirligi «Chimyon» tog‘ tayyorgarlik o‘quv markazi va «Saridala» hududiy o‘quv bazasi qoshida oromgohlar faoliyat ko‘rsatadi. Yuqoridagi kabi ekskursiyalar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, voyaga yetib kelayotgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida alpinizm sportiga bo‘lgan qiziqishni yanada orttirishga xizmat qilib kelmoqda.

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti