Navoiy garnizonida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

0
751

Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Navoiy garnizonida joylashgan harbiy qismda “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashil etildi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, bir guruh san’atkorlar, keng jamoatchilik vakillari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Dastlab poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirokida Navoiy shahridagi istirohat bog‘ida harbiy orkestr hamrohligida yurish marafoni o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan ma’naviyat va madaniyat xodimlari oilani mustahkamlashning huquqiy asoslari, unda milliy qadriyatlarning ahamiyati va ularning yoshlar tarbiyasiga ta’siri, oilada turli zararli illatlarga qarshi immunitetni xosil qilish, psixologik sog‘lom muhitni shakllantirish haqida so‘z yuritdi.

Davra suhbati davomida harbiy xizmatchilarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, davlatimiz tomonidan ularning oila a’zolariga yaratilayotgan shart-sharoitlar alohida e’tirof etildi.

Shundan so‘ng bir qator madaniy dasturlar namoyish etildi. Ijodiy uchrashuv va taniqli xonandalar ijrosidagi dilga yaqin kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

 Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati