Qurol-aslaha va harbiy texnikalardan qishki sharoitda foydalanish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulot

0
702

Markaziy harbiy okrugning Samarqand, Jizzax, Kattaqoʻrgʻon hamda Navoiy garnizonlarida joylashgan harbiy qism va muassasalarda qurol-aslaha va harbiy texnikalarni qishki sharoitda foydalanish rejimiga oʻtkazish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Undan koʻzlangan asosiy maqsad, harbiy texnikalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitida sozligini taʼminlashdan iboratdir.

Mashgʻulotda qurol-aslaha va harbiy texnikalarga mavsumiy texnik xizmat koʻrsatish vaqtida bajariladigan ishlar tartibi va hajmi boʻyicha maʼlumotlar berildi.

Unda muhandis-texnik mutaxassislar tarkibidagi ofitser va serjantlar, guruh, vzvod va batalyon komandirlari hamda bevosita harbiy texnikalar ekspluatatsiyasiga masʼul shaxslar bilan birga harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi xodimlari qatnashdi.

Har bir oʻquv nuqtasida harbiy xizmatchilar oʻzlariga biriktirilgan qurol-yarogʻ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun masʼulligini inobatga olgan holda, koʻp yillik tajriba ega harbiy xizmatchilar nazoratida topshiriqni oʻzlari amalda bajarib koʻrsatishdi.

Shuningdek, sovutish suyuqliklari almashtirish, jangovar mashina agregat va tugunlarini tekshirish, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari, yoqilgʻi-moylash ashyolarini yangisiga almashtirish hamda elektr va aloqa jihozlarining sozligini nazoratga olish boʻyicha mashgʻulotlar tashkil etildi.

Mashgʻulotlarning ahamiyatli jihati shunda boʻldiki, yangi kelgan harbiy xizmatchilar ham oʻzlariga biriktirilgan qurol-aslaha va harbiy texnikalarni qishki mavsumda ham doimiy jangovar shay holatda ushlab turish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati