«To‘maris izdoshlari – 2022» tanlovining respublika bosqichiga start berildi

0
1542

O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Kuch tuzilmalarida faoliyat yuritayotgan harbiy xotin-qizlar o‘rtasida «Vatan mehri yuragimda» shiori ostida «To‘maris izdoshlari – 2022» nomli respublika tanlovi o‘tkazilishi e’lon qilingandi.

Mazkur tanlov 7–10-noyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar ishtirok etishi belgilangan.

«To‘maris izdoshlari – 2022» tanlovining respublika bosqichi Markaziy harbiy okrug “Forish” dala o‘quv maydonida o‘tkazilmoqda. Bugun, 8-noyabr kuni tanlovning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etib, mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor, olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida fikr bildirdi va barcha tanlov ishtirokchilariga omad tiladi.

Tanlovda To‘maris izdoshlari 6 ta shartda bellashadi:

1-shart — To‘maris siymosini gavdalantirgan holda tanishtirish;
2-shart — AK-74 avtomatidan amaliy otish mashqi;
3-shart — yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish;
4-shart — 800x400x200x100 metr masofalarga estafeta yugurish;
5-shart — erkin uslubda 60 metr masofaga suzish mashqi;
6-shart — dala sharoitida mazali taom tayyorlash.

Tanlov g‘oliblari birinchi o‘rin uchun I darajali, ikkinchi o‘rin uchun II darajali, uchinchi o‘rin uchun III darajali Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining diplomlari hamda belgilangan pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Ro‘ziqul OChILOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti