Universal jang bo‘yicha jahon kubogi g‘oliblari bilan suhbat

0
720

Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan universal jang bo‘yicha jahon kubogida g‘olib bo‘lgan Mudofaa vazirligi harbiy sportchilari bilan musobaqa tafsilotlari haqida suhbatlashdik.

Leytenant Murodulla Ablakulov:

– Erkin kurash bo‘yicha murabbiyim Latif Yusupov bilan ko‘p yillik tayyorgarlikdan keyin ko‘pgina xalqaro musobaqalarda yutuqlarga erishib, sport ustasi darajasini oldim. Shundan keyin universal jangda ham o‘zimni sinab ko‘rishni maqsad qildim. Tanlovda adashmaganligimni esa vaqt ko‘rsatdi. Bu sport turining ko‘pgina sir asrorlarini murabbiyimiz Baxtiyor Nurov qo‘l ostida o‘rgandim. O‘rganganlarimiz va qat’iy reja asosida olib borilgan mashg‘ulotlar o‘z natijasini berdi. Natija esa yil sayin kutilganidan ham omadli bo‘ldi. O‘tgan yili Ukrainada bo‘lib o‘tgan universal jang bo‘yicha jahon kubogida ishtirok etib ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edim. Bu yil esa professional sportchilar o‘rtasida musobaqa kamari uchun baxs bo‘lib o‘tdi. Ushbu jangni muvaffaqiyatli o‘tkazdim va kamar sohibi bo‘ldim.

Armiya universal jangi boshqa universal janglardan farqli o‘laroq, ikki raundan iborat bo‘ladi. Birinchi raund to‘siqli shartlar asosida qo‘yilgan topshiriqlardan o‘tish. Bunga yugurish, o‘q otish, zig-zag, bar’er, tunel, pichoq qadash va hakozo. Ulardan bexato o‘tib kelganingizdan keyingina ikkinchi raund deb ataladigan ringdagi jangga ko‘tarilasiz. Bularning barchasi harbiylashgan sport turlarini o‘z ichiga oladi.

Bu yilgi jahon kubogida 20 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etdi. Musobaqada bizga asosiy raqib sifatida Ozarbayjon vakillari qarshilik ko‘rsatdi. Ammo bizga Mudofaa vazirligi, Qumondonligimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan unimli foydalanganligimiz o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni yanada oshirdi va maqsadimizga erishdik.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Muhamatov Muhammad:

– Universal jang bo‘yicha uchinchi marotaba jahon kubogida ishtirok etdim va professional sportchilar orasida birinchi kamarimni qo‘lga kiritdim. Bundan oldin sportning karate, erkin kurash kabi yo‘nalishlarida qatnashganman. Aslida universal jang yo‘nalishida ham, erkin kurashda ham o‘xshashlik holatlari bor. Masalan raqibni bug‘ish uslubi bilan mag‘lub etish kabi. Ammo erkin kurash bilan ushbu sport turidagi liboslar farqlanishining evaziga ancha qiynalganman. Qolaversa, havaskorlar o‘rtasida o‘tkaziladigan universal jang nizomiga ko‘ra ko‘pgina usullar ta’qiqlangan. Professional yo‘nalishda esa deyarli ta’qiq yo‘q. Og‘ritish usuli, bug‘ish usuli va boshqa usil va uslublardan bemalol foydalangan holda, raqibni mag‘lub etsangiz bo‘ldi. Bunga musobaqa hakamlari imkoniyat beradi.

Ustozim leytenant Murodulla Ablakulov bilan ancha tayyorgarlik ko‘rdik. Natijada o‘z vazn toifamda kamar sohibiga aylandim. Erishayotgan yutuqlarimizda bizga sharoitlarni yaratib berayotgan mutasaddilarga minnatdorchiligimni bildiraman.

Sherzod SHARIPOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departammenti