“Sohibqiron Amir Temurning harbiy san’ati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

0
1383

Joriy yilning 2-4-noyabr kunlari UzExpo markazida “TASHKENT BOOK FEST – 2022” III Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida “Sohibqiron Amir Temurning harbiy san’ati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, olimlar, keng jamoatchilik vakillari, yozuvchi va ijodkorlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, harbiy xizmatchilar hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etgan tadbirda sarkardaning harbiy jang strategiyasini aks ettirgan mazkur asar buyuk bobokalonimiz tarixi bilan qiziqqan keng o‘quvchilar ommasi uchun munosib tuhfa bo‘lgani e’tirof etildi.

Taqdimotda so‘zga chiqqan kitob mualliflari falsafa fanlari doktori, professor, polkovnik Rustam Samarov, sotsiologiya fanlari nomzodi Suhrob Ahrorov, falsafa fanlari doktori, dotsent Jafar Xolmo‘minovlar  mazkur asar xalqimizning ma‘naviy ehtiyojidan kelib chiqqan holda yaratilganligini ta‘kidlab o‘tishdi.

Shuni aytib o‘tish lozim, “Sohibqiron Amir Temurning harbiy san‘ati” kitobida Eron, Hindiston hamda Pokiston mamlakatlaridagi asl mozaika namunalaridan nusxa ko‘chirilgan. Bu nusxalar kitob sahifalarini bezabgina qolmasdan, mamlakatlar madaniyati tarixidan ham so‘z ochadi.

Tadbir davomida mazkur asarni yaratishda ishtirok etgan  vazirlik va idora vakillari, faxriy mehmonlar, taqrizchilar hamda mualliflarga  “Sohibqiron Amir Temurning harbiy san‘ati” kitobi taqdim etildi. 

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti