Qoʻmondonlikda “Eng ilgʻor qoʻriqlash vzvodi” tanlovining birinchi bosqichi oʻtkazildi

0
856

Mudofaa vazirligi qoʻshinlari harbiy qism va boʻlinmalari oʻrtasida sogʻlom raqobatni qaror toptirish, jangovar shaylik, jangovar tayyorgarlik dasturini samarali oʻzlashtirish, shaxsiy tarkib kasbiy mahoratini takomillashtirish, zarur bilim-koʻnikmalarini egallashlari uchun imkoniyatlar yaratish maqsadida, qoʻmondonlikda “Men gʻolib” shiori ostida “Eng ilgʻor qoʻriqlash vzvodi” koʻrik-tanlovining birinchi bosqichi oʻtkazildi.
Tanlov nizomiga koʻra boʻlinmalar 3 ta yoʻnalish boʻyicha, yaʼni jismoniy va otish tayyorgarligi, test sinovlari hamda boʻlinmalarni yuqori jangovar shaylikka keltirish yuzasidan oʻzaro bellashdilar.

Hakamlar hayʼati tomonidan boʻlinmalarning jipsligi, qoʻyilgan jangovar vazifalarni uyushqoqlikda bajarishi, harbiy va kasbiy tayyorgarlik darajalari baholab borildi.
Tanlov yakuniga koʻra, Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida joylashgan harbiy qism qoʻriqlash boʻlinmasi “Eng ilgʻor qoʻriqlash vzvodi” deb topildi. Koʻrik-tanlovda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan boʻlinma tanlovning navbatdagi qoʻmondonlik bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Yakunda gʻoliblar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Mayor Farruhbek SOTVOLDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti