Jahon chempionati sovrindorlari kutib olindi

0
988

Joriy yilning 26-oktyabridan 2-noyabriga qadar Hindistonning Nyu-Dehli shahrida kattalar va yoshlar o‘rtasida sportning tosh ko‘tarish turi bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi.

14 ta davlat ishtirokida o‘tkazilgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Qurolli Kuchlar akademiyasining kursantlari Mehroj Hamdamov, Rajabbek Ne’matov, Mirxon Jamilovlar ishtirok etdi.

Shiddatli va murosasiz kechgan musobaqada 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida kursantlarimiz Mirxon Jamilov faxrli – 1 o‘rinni, Mehroj Hamdamov va Rajabbek Ne’matov faxrli 2 o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Sovrindonlar Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda tantanali kutib olindi.

So‘ngra Qurolli Kuchlar Akademiyasida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Akademiya boshlig‘i polkovnik B. Shayakkubov So‘zga chiqib, g‘oliblar va ularning yaqinlarini qizg‘in muborakbod etdi. Qolaversa, kursantlarning musobaqaga tayyorgarligida munosib hissa qo‘shgan murabbiylariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Akademiyada kursantlar orasida sportning suzish, stol tennis, yengil atletika, ko‘p kurash, milliy kurash, dzyudo yo‘nalishlarida ham sportchilar ko‘pchilikni tashkil qilishi, ular bilan seksiyalar kesimida ishlar olib borilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Sovrindorlar va ularning yaqinlariga Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘ining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ro‘ziqul OCHILOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikasiyalar departamenti