«Gʻalaba bog‘i» yodgorlik majmuasida muhim memorandumlar imzolandi

0
803

Azal-azaldan xalqimiz ijodkorlik, bunyodkorlik va boshqa sohalardagi yutuqlari bilan jahon sivilizasiyasida munosib iz qoldirib kelgan. Ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy, ma’rifiy meros, shuningdek, durdona tarixiy obidalar, san’at asarlari asrlar davomida barchani birdek hayratlantirib keladi. XV-XVI asrlarda yashab ijod qilgan, insoniyatga ana shunday nodir asarlar tuhfa etgan mashhur musavvir Kamoliddin Behzoddir.

Londondagi Chester Beyti va O‘zbekiston milliy kutubxonalarida saqlanayotgan, buyuk sarkarda Amir Temurga bag‘ishlab yozilgan «Zafarnoma»ga ishlangan musavvir ijodiga mansub minatyuralar Kamoliddin Behzod timsoli qanchalik buyuk ekanidan dalolat beradi.

Hozirda respublikamizdagi yagona milliy rassomchilik va dizayn instituti  mashhur musavvir nomi bilan ataladi. Bu ilm dargohida uning izdoshlari ajdodlar an’anasini ham davom ettirib kelmoqda. Institutda ta’lim olgan ko‘plab ijod ahli allomaning munosib vorislari ekanligini amalda isbotlab ulgurdi. Poytaxtimizda qad rostlagan «Gʻalaba bog‘i» yodgorlik majmuasidagi o‘nga yaqin monumentlar rassomchilik va dizayn institutida tahsil olgan ijodkorlar ijodiga mansub. Bundan tashqari ilm dargohi talabalari «Shon-sharaf» davlat muzeyi tomonidan o‘tkazilib kelinayotgan turli tanlovlarda Gran-pri va sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham qad rostlayotgan so‘lim go‘shalarda o‘z ishlari ila qatnashib kelayotgan o‘zbek rassomlari, haykaltaroshlari va san’at namoyondalari nomlarini faxr bilan sanash mumkin. Umuman olganda, o‘zbek ijodkorlari Kamoliddin Behzod timsolini amalda bugungi kunda dunyo bo‘ylab yanada yorqinroq namoyish etib kelmoqda. «Gʻalaba bog‘i» yodgorlik majmuasidagi monumentlarni ushbu ijodkorlikning bir bo‘lagi desak adashmaymiz.

Bu boradagi aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida «Gʻalaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn instituti rahbariyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi rasmiy kuchga kirdi. Memorandum yodgorlik majmuasi boshlig‘i polkovnik Shuhrat Yusupov hamda institut rektori Abbos Mirzarahimov tomonidan imzolandi. Shuningdek, tadbir davomida «Shon-sharaf» davlat muzeyi hamda Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi o‘rtasida ham xuddi shu tarzda hamkorlik bitimi tuzildi. Mazkur memorandumni ikkala muzey direktori – Muxtorjon Shokirov va Ixtiyor Rasulov imzoladi.

Memorandumni imzolash jarayonida institutning san’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti talabalari ishtirok etib, tadbir yakunida ular uchun yodgorlik majmuasi va muzey bo‘ylab ekskursiya tashkillashtirildi. Ushbu hamkorlik bitimi ilm dargohi yoshlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Chunki aynan ijodkor yoshlarga yangi-yangi asarlarni yaratishi uchun yodgorlik majmuasida amaliy darslarni o‘tish sinfxonasining tashkil etilishi shunday deyishimizga asos bo‘ladi.

Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti