Germaniya harbiy shifokorlari ishtirokida o‘quv-uslubiy seminar o‘tkazildi

0
804

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida Germaniya Federativ Respublikasi harbiy shifokorlaridan iborat delegatsiya ishtirokida o‘quv-uslubiy seminar o‘tkazildi.

Malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish menejmentiga bag‘ishlangan ushbu tadbirda dastlab Germaniyaning Gamburg harbiy gospitali bo‘lim boshlig‘i tibbiy xizmat katta leytenanti Florian Vogel, Berlin harbiy gospitali bo‘lim boshlig‘i Heike Losen Germaniyada harbiy xizmatchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari va o‘ziga xosliklari haqida ma’lumot berdi.

Ma’ruzachilar o‘z taqdimotida dala sharoitida harbiy xizmatchilarga tez tibbiy yordam ko‘rsatish, tor ixtisosliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tartib-taomillarini namoyish etdi.

– Ushbu hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad ikki davlat harbiy shifokorlari o‘rtasida harbiy tibbiyot yo‘nalishidagi so‘nggi yangiliklar bilan o‘rtoqlashish, ilg‘or tajriba va fikr almashishdan iborat, – deydi tibbiy xizmat katta leytenanti Florian Vogel. – Mamlakatimizdagi harbiy gospitallar unga yaqin hududdagi shifoxonalar bilan uzviy aloqa o‘rnatgan. Suv osti, quruqlikdagi va Harbiy havo kuchlari shaxsiy tarkibi uchun alohida tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. O‘z navbatida, harbiy tibbiyot xodimlari parashyutdan sakrash kabi sinovlardan o‘tkaziladi. Yurtingizdagi zamonaviy, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan harbiy klinik gospital faoliyati bizda katta taassurot qoldirdi. Ishonamanki, sohadagi xalqaro hamkorlik kelgusida o‘zining istiqbolli natijalarini beradi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti