Harbiylar muhim siyosiy jarayonda faol ishtirok etmoqda

0
815

Bugun tarixiy kun. Respublikamizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda ham Prezident saylovi jarayonlari qizgʻin oʻtkazilmoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida erta tongdan kursantlar, serjant va ofitserlar hamda muddatli harbiy xizmatchilar institut hududida joylashgan 265-saylov uchastkasi yonida saflandi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Dastavval saylov uchastkasi raisi oʻrinbosari mayor Sherqoʻzi Hakimov  tomonidan saylovchining huquq va majburiyatlari va ovoz berish qoidalari yuzasidan tushunchalar eslatib oʻtildi. Shundan soʻng karantin qoidalariga toʻliq amal qilgan holda ovoz berish jarayonlari boshlab yuborildi.

Darhaqiqat, bu yerda  mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqea boʻlgan Prezident saylovini xalqaro standartlar va umuminsoniy tamoyillar asosida oʻtkazish hamda saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, prezidentlikka oʻz nomzodini qoʻygan siyosiy partiyalar, mahalliy va xorijiy davlatlardan kelgan vakillar jarayonning shaffof borishini bevosita kuzatmoqda.

–  Har bir davlatda prezidentlik saylovi milliy hamda xalqaro ahamiyatdagi muhim siyosiy jarayon hisoblanadi, – deydi kursant Shohruh Xoliqov.  – Chunki mamlakatning keyingi taqdiri yangi kelayotgan prezident va uning rivojlantirish strategiyasiga bogʻliq. Shu bois Vatan taqdiri uchun dahldorlikni masʼuliyat bilan his qilgan va nomzodlarning targʻibot-tashviqot ishlarini qunt bilan kuzatgan holda oʻzim ishongan insonga ovoz berdim.

Ushbu muhim siyosiy tadbir shuningdek, barcha harbiy okruglarda, garnizonlar va harbiy shaharchalarda ana shunday uyushqoqlik bilan, yuqori saviyada oʻtkazilmoqda. Jarayonda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ham faol boʻlishyapti. Xizmat safarida yurganlar esa oʻzlari ayni paytda boʻlib turgan hududlardagi saylov uchastkalarida ovoz berishmoqda. Davolanish muolajalarida boʻlgan ahvoli ogʻir va yura olmaydigan bemorlarning ovoz berishlari uchun esa koʻchma saylov qutisi orqali oʻz nomzodlarini koʻrsatishlari taʼminlanyapti.

Prezident saylovida ovoz berish davom etmoqda.

Leytenant Muhammadjon XOʻJAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti