Termizdagi Prezident maktabida oʻquvchi yoshlar bilan “Jasorat” darsi boʻlib oʻtdi

0
835

Termiz shahrida joylashgan Prezident maktabida 11-sinf oʻquvchilari ishtirokida “Jasorat” darsi boʻlib oʻtdi.

Unda Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻi polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev, Surxondaryo viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, faxriylar kengashi aʼzolari hamda oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida boshliq oʻrinbosari polkovnik Alisher Shirinov oʻquvchi yoshlarga buyuk ajdodlarimiz va sarkardalarimiz toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berib, oʻquvchi yoshlar bilan savol-javob tariqasida suhbatlashdi.

—Prezident maktabiga kirib, orzularim yuksaldi. Ilgari maktabda oʻqigan paytimda viloyatimizdagi universitetlardan biriga oʻqishga kirsam derdim. Hozir esa maqsadim chet elning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan birida oʻqib, yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshish. Chunki bunga bilimim yetishiga ishonaman. Chet tilini puxta egallaganman. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman, — deydi 11-sinf oʻquvchisi Firdavs Shodiyev.

Shundan soʻng, soʻzga chiqqan polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev oʻz hayoti va bugungi kungacha erishgan yutuqlari toʻgʻrisida oʻquvchi yoshlarga soʻzlab berib, matematika, fizika, chet tili hamda tarix fanlari boʻyicha oʻquvchi yoshlar bilan savol-javob tariqasida ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazdi va shu yerning oʻzida ushbu tadbirda faol ishtirok etgan oʻquvchi yoshlarni taqdirladi hamda ushbu maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini topshirdi.  

Tadbir soʻngida Prezident maktabi oʻquvchi yoshlariga Termiz garnizoni harbiy orkestri Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari hamda Xayraobod garnizoni faxriy qorovul shaxsiy tarkibining sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni