Nazariy bilimlar amaliyotda mustahkamlanmoqda

0
795

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari aloqa harbiy instituti yaqin yillardan boshlab milliy armiyamizga kadrlar tayyorlashda oʻz faoliyatni boshlaganiga qaramay, oliy harbiy taʼlim muassaslari orasida yetakchilardan biri hisoblanadi. Institutda taʼlim olayotgan boʻlgʻusi ofitserlar orasidan strategik va taktik boshqaruv qobiliyatiga ega, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha puxta bilimga ega komandirlar yetishib chiqayotgani mamlakatimiz mudofaa salohiyatini oshirishda muhimligi ajralib turadi.

Mazkur taʼlim muassasasining boshqalaridan farqi shundaki, kursantlar respublikamizning yetakchi universitet va institutlarining 3-kursini tugatgan talabalar orasidan tanlov asosida tanlab olinadi. Aloqachi, IT texnologiyalari boʻyicha harbiy ofitser boʻlishni orzu qilgan yigitlar bu yerda oʻqishni davom ettiradi. Institutning 4-kursiga qabul qilingan boʻlgʻusi ofitserlar nazariy bilimlarini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilib berilgan. Olingan ana shu nazariy bilimlarini amaliy koʻnikmalar Chirchiq poligoni dala oʻquv-mashgʻulotlar bazasida mustahkamlanib boriladi.

2022-yil kursantlar safiga qabul qilinganlar qisqa vaqt davomida sharafli kasbning sir-asrorlarini oʻrganishga astoydil kirishgan. Hozirda ular Chirchiq poligoni dala oʻquv-mashgʻulotlar bazasida amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etmoqda. Turli oʻquv nuqtalarida jangovar qurollardan otish, taktik mashqlar, axloqiy-ruhiy sinovlar yoʻlagidan oʻtish, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish, dala sharoitida aloqa vositalaridan foydalanish kabi yoʻnalishlarda bilim va koʻnikmalarini oshirmoqdalar. Ertalabki badantarbiya mashqlari va kechki madaniy hordiq dasturlari esa ushbu mashgʻulotlarning samarali boʻlishini taʼminlamoqda.

Mashgʻulotlar davomida har bir oʻquv nuqtasida rahbarlik qilgan ustozlarning oʻz uslubi borligini kuzatdik. Kimdir qattiqoʻlligi, yana kimdir bosiqligi yoki talabchanligi, qatʼiyatliligi bilan ajralib turdi. Eng muhimi, ushbu xislatlar oʻz shogirdlari tajribasida mukammallashib, milliy armiyamiz kelajagi hisoblangan boʻlgʻusi ofitserlar shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Podpolkovniklar Alisher Xudoyorov, Haydar Qosimov, Mansur Toshtemirov, mayor Sherqoʻzi Hakimov kabi ustozlarining aynan shu jihatlarni oʻzlarida mujassamlashtirgan kursantlardan boshqaruv qobiliyatiga ega komandirlar yetishib chiqishi yillar davomidagi hayotiy tajribalarda kuzatilgan va kuzatilib kelinmoqda.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti