Otish tayyorgarligi va zamonaviy metodikasi

0
2718

Ajdodlarimizning jangovar salohiyati, jang olib borish uslubi va jasorati haqida oʻqimagan, eshitmagan yoki boʻlmasa kinolarda koʻrmagan inson kamdan-kam topilsa kerak. “Qirq chaqirimdan kamon oʻqini uzukdan oʻtkaza olgan”, degan merganlik borasidagi iborani koʻp eshitganmiz. Qurolli Kuchlarimizda ajdodlarga xos anʼanalarni davom ettirish bugungi kunning talabi va eng dolzarb mavzularidan biri.

Respublikamizda faoliyat koʻrsatib kelayotgan harbiy taʼlim muassasalari olimlari va professor oʻqituvchilarining otish tayyorgarligi borasidagi ilmiy izlanishlari sohani takomillashtirishdagi muhim omillardan hisoblanadi. “Otish fanini oʻqitishda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarining oʻrni va roli” — kuni kecha Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida tashkillashtirilgan ilmiy-amaliy anjuman shu mavzuga bagʻishlandi.

Anjuman videokonferensaloqa tizimida oʻtkazildi va unda Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya qoʻshinlari mutaxassis ofitserlari ishtirok etdi. Qatnashchilar Qurolli Kuchlar akademiyasida bunyod etilgan zamonaviy interaktiv jangovar oʻq otish majmuasi otish tayyorgarligi fanini oʻqitishda muhim rol oʻynashini eʼtirof etishdi. Shuningdek, oʻz maʼruzalari bilan chiqish qilgan ofitserlar anjumanda muhokama etilgan mavzular boʻyicha taklif va tajribalarni amalda qoʻllash tizimini tadbiq etish boʻyicha kelishib oldilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti