Tibbiy taʼminot ofitserlari uchun maxsus kurslar

0
762

Qoʻshinlarning har qanday vaziyatlarga shayligi ularning jangovar va jismoniy tayyorgarligi bilan baholanadi. Jangovar va jismoniy tayyorgarlikni taʼminlashda yana bir muhim jarayon borki, shaxsiy tarkibning bu ikki jihatini usiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Harbiy xizmatchilarning jangovar va jismoniy tayyorgarligi ularning jismonan sogʻligi bilan bevosita bogʻliq. Tibbiy taʼminot boʻlinmalari, ularda xizmat burchini oʻtayotgan harbiy shifokorlar va harbiy xizmatchilar milliy armiyamizdagi ana shu bogʻliklikni taʼminlab turuvchi muhim boʻgʻin hisoblanadi. 2020-yil Qurolli Quchlar tibbiyot akademiyasi tashkil etilishi qoʻshinlardagi tibbiy taʼminot xizmati xodimlarining kasbiy mahoratini oshirib borish borasida qator yutuqlarga erishilishiga zamin yaratdi.

Ayni kunlarda Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va DXX Chegara qoʻshinlari ofitserlari tibbiyot akademiyasida 1,5 oylik oʻquv kurslarida tahsil olmoqda. 216 soatdan iborat oʻquv kursi davomida tinglovchilar toʻqqizta fan boʻyicha amaliy hamda nazariy koʻnikmalarini oshiradilar. Akademiyaning tibbiyot xizmati tuzilishi va taktikasi kafedrasi katta oʻqituvchisi Odiljon Ahmedovning taʼkidlashicha maxsus kursda oʻqish imkoniyatiga ega boʻlgan ofitserlarga harbiy epidemologiya, dala jarrohligi, harbiy terapiya, umumiy taktika kabi oʻnga yaqin fandan eng soʻnggi yangiliklar boʻyicha darslar oʻtilmoqda.

Oʻquv kursi tugashi arafasida tinglovchilar yakuniy imtihon topshiradi va uning natijalariga koʻra tibbiy taʼminot ofitserlariga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti