Ilmiy-nazariy konferensiya boʻlib oʻtdi

0
778

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy meʼros va zamonaviy tadqiqotlar institutida “Uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllash va ularga qarshi kurash boʻyicha xorijiy armiyalar tajribalari” mavzusida ilmiy-nazariy konferensiya boʻlib oʻtdi. Uni institut boshligʻi general-leytenant Shavkat Normatov ochib berdi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi — zamonaviy jangovar harakatlarda uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllash va ularga qarshi kurashish yuzasidan xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish, fikr almashish, muhokama qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida ushbu yoʻnalishdagi bilimlarni yanada yuksaltirishdan iborat.

“Zamonaviy qurolli mojarolarda uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllash va ularga qarshi kurash tajribalari”, “Kengaytirilgan spektr aloqa texnologiyasiga asoslangan uchuvchisiz uchish apparatlari radioboshqaruv va maʼlumotlar almashinuv kanallariga radio bosim berish samaradorligini oshirish yoʻllari”, “Uchuvchisiz uchish apparatlarini razvetka manfaatlarida qoʻllash boʻyicha xorijiy armiyalar tajribalari” hamda “Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va harbiy havo kuchlarida uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllash va ularga qarshi kurash boʻyicha xorijiy armiyalar tajribalari” kabi mavzularda konferensiya ishtirokchilari tomonidan maʼruzalar tinglandi.

Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarda soʻnggi yillarda boʻlib oʻtgan jangovar operatsiyalarda uchuvchisiz uchish apparatini jangovar qoʻllash tajribalari tahlili razvedka va talafot yetkazish vazifalarini 70 foiz qismini tashkil etayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Konferetsiya maʼlumotlari va undagi takliflar zamonaviy harbiy nizolarning xarakteri, harbiy sanʼatning rivojlanish tendensiyalari, qurolli kuchlarni isloh qilishning ijobiy tajribasini oʻrganish hamda harbiy xizmatchilarning bilimi va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi.

Yakunda ishtirokchilarga Harbiy meʼros va zamonaviy tadqiqotlar instituti boshligʻining maxsus tashakkurnomasi topshirildi.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti