Harbiy obraziga sodiq qahramon

0
703

Oʻgʻlim bilan hech sen-menga bormagandik. Doim qadrlar, avaylardi. Oxirgi bor kelganida bir narsadan qattiq tortishib qoldik. Jahlim chiqib, orqasidan borib yelkasiga bir urdim. Menga oʻgirilib qaradi-da, indamadi. Keyin chiqib ketdi. Oʻshandan keyin qaytib koʻrmadim. Haligacha oʻylayman, u oʻlimini sezgan va atayin koʻnglim qolishi uchun gapida mahkam turib olgan boʻlsa kerak, – serjant Muhiddin Eshtemirovning (marhum) 73 yoshni qarshilagan onasi Manzura Dillayevaning soʻzlarini oʻtirganlar jim tinglardi.

Biroz tin olgan mahal mehmonlardan biri “onajon, yurtimizda bir kunda ming nafardan ortiq chaqaloq dunyoga keladi, ming nafarga yaqin inson vafot etadi. Lekin ularning hammasining ham onasi qahramon emas”, deya sukunatni buzdi. Ha, Muhiddin Eshtemirov 2000-yili Sariosiyo voqealarida dushmanga qarshi jangda Vatan himoyasi yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan. 

Ular bir piyola choy ustida qahramonimizning suratlari, olgan mukofotlari va yozgan maktublarini koʻzdan kechirishdi. Shundan soʻng yana tez-tez kelib turish sharti bilan Muhiddin Eshtemirov tahsil olgan Termiz tumanidagi 24-umumtaʼlim maktabiga yoʻl oldilar.

Maktab darvozasidan kiraverishda, oʻng tomonda, anvoyi gullar qurshovida qahramonning byusti turardi. Birinchi duch kelgan yigitchani haykalda kimning siymosi aks etgani haqida savolga tutdik.

U maktabimizning oʻquvchisi boʻlgan. Vatan himoyasi yoʻlida jonini fido qilgan, – dedi gʻurur bilan.

Qahramonning sinfdoshlari Bahodir Roʻziyev, Jamil Boʻriyev bilan birgalikda tahsil olgan, yonma-yon oʻtirgan xonaga kirib, Muhiddinning yoshlik yillari, barchani jipslashtirish uchun qilgan harakatlari, ilmga mehri, ustozlarga ehtiromini xotirlashdik. Oʻquvchilar oʻzlarining akalari haqida yozgan sheʼrlaridan namunalar oʻqib berdi. Koʻpchilikning esida qolgani Muhiddin oʻquvchilik yillarida harbiy xizmatchi obrazini maktab sahnasiga olib chiqqan ekan. 

Mudofaa, Ichki ishlar va Fuvqulodda vaziyatlar vazirliklari, DXX Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligi, Milliy gvardiya yoshlar yetakchilaridan iborat yoʻqlovchilar oʻquvchilarga oʻzlarining hayotlaridan ibratli voqealarni gapirib, oʻgʻil-qizlarning qiziqish bilan  bergan savollariga batafsil javoblar qaytarishdi. Amin boʻldikki, Muhiddin Eshtemirov qishloqdoshlari va safdoshlari siymosida hamisha barhayot.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti