Jahon chempionatida munosib ishtirok etgan Mudofaa vazirligi sportchilari

0
563

Avval xabar berganimizdek Misr poytaxti Qohira shahrida pnevmatik quroldan oʻq otish boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston terma jamoasi munosib kutib olingan edi.

Ular orasida Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi tarbiyalanuvchisi Ilhombek Obidjonovning ham borligi kishiga faxr tuygʻusini beradi. Bugun Ilhombek Obidjonov va uning murabbiyi, istefodagi mayor Enver Osmanov bilan safar tafsilotlari haqida oʻrtoqlashdik.

– Jahon chempionatida ishtirok etganimning oʻzi katta baxt. Qolaversa, 88 davlatdan mingdan ortiq sportchilar qatnashgan bunday katta nufuzga ega boʻlgan chempionatda doʻstlarim Muhammad Kamolov va Veniamin Nikitin bilan birgalikda yoshlar oʻrtasida kumush medalni qoʻlga kiritishimiz yurtimiz uchun ham, ota-onamiz uchun ham quvonarli holat boʻldi, – deydi Ilhombek Obidjonov. Hindiston davlati vakillariga imkoniyatni biroz boy berib qoʻyganimiz ikkinchi oʻringa tushib qolishimizga sabab boʻldi. Eng yetakchi hisoblangan Xitoy davlati vakillarini ortda qoldirdik. Musobaqadan shuni angladimki, birinchi oʻrin uchun bemalol kurashsak arziydi. Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Keyingi jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatimiz bor va oʻsha imkoniyatlardan unimli foydalangan holda, yurtim bayrogʻini baland koʻtarishga, madhiyamiz jahon arenalarida yangrashiga bor kuch gʻayratim bilan harakat qilaman.

Pnevmatik quroldan oʻq otish sportiga Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Chilonzor tuman boʻlimida mehrim tushgan. U yerda mehribon ustozlar koʻmagida bu sportning asosini oʻrgandim. Keyinchalik Mudofaa vazirligi sport markazida murabbiyim Enver Osmanovdan qolgan koʻnikmalarni oldim. Sportga qadam qoʻygan kunimdan to hozirgi kunga qadar menga ustozlik qilgan barcha insonlarga rahmat aymoqchiman. Ularning saʼyi harakatlari bilan yaxshi natijalarni qayd etishni boshladim. Ular sabab erishayotgan yutiqlarim evaziga, imtiyozli ravishda talaba boʻldim. Hozirgi kunda Chirchiq davlat universitetining birinchi bosqichida oʻqiyman. Kelajakda harbiy sportchi boʻlib, vatanimning ravnaqi yoʻlida oʻz hissamni qoʻshishdan charchamayman.

– Sportning ayrim turlari kabi oʻq otish ham qalbi sokin insonlar uchun. Shunday ekan, biz yoshlarni saralab olayotganimizda aynan shu sifatiga alohida eʼtibor beramiz. Diqqatni jamlash, nishonga aniq olish, nafasni ushlab turish kabi holatlarni bajarishda sportchidan ichki xotirjamlikni talab etadi. Ilhombekda manashu sifatlarning barchasi mujassam, – deydi uning murabbiy Enver Osmanov. – Demakki, u bilan mashgʻulotlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, bundanda yuqori natijalarni zabt etishi aniq. Aslida bu sport turi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi uchun jahon chempionatida qoʻlga kiritilgan ilk medal sifatida qayd etildi. Bu natija bilan cheklanib qolmmaymiz, albatta. Yakkalik bahslarida ham yuqori oʻrinlarni egallash uchun bizda barchi imkoniyatlar yetarli. Aslida Qohira shahrida boʻlib oʻtgan jahon chempionati 2024-yil oʻtkazilishi rejalashtirilgan olimpiadaga litsenziya olishdagi kerakli ochkolarni toʻplash uchun zamin edi. Hozircha bunday nufuzli musobaqada ishtirok etish uchun imkoniyatlarimiz oʻrtacha. Biz kerakli ochkolarni yigʻishga yana ham harakat qilamiz.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamanti