“Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining Toshkent shahar bosqichi oʻtkazildi

0
886

Toshkent shahar Yangihayot tumanida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining Toshkent shahar bosqichi oʻtkazildi. Unda 17-22 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlardan tashkil topgan 11 ta jamoa ishtirok etdi.

Mazkur musobaqa uch bosqichdan iborat boʻlib, jami 110 nafar yoshning bilimi, irodasi, matonati hamda kuch-gʻayratini sinovdan oʻtkazdi. Dastlabki “Harbiy-vatanparvarlik” bosqichida jamoa aʼzolarining mamlakatimiz tarixiga doir bilimlari baholandi. “Harbiy-amaliy koʻpkurash” yoʻnalishida jamoalar pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha oʻzaro kuch sinashdi.

Soʻnggi “Sport bloki” bosqichida esa ishtirokchilar duatlon, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish kabi shartlarni bajargan holda qaysi jamoa kuchli ekaniga yakun yasab berishdi.

Natijalarga koʻra, musobaqada 3-oʻrinni Uchtepa, 2-oʻrinni Sergeli tumani jamoasi qoʻlga kiritdi. 1-oʻrinni egallagan Yunusobod tumani jamoasi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun final yoʻllanmasiga ega boʻldi.

Gʻolib va sovrindorlarga musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti