Nukusda “Vatanparvar” tashkilotida taʼlim olgan “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga guvohnomalar topshirildi

0
618

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi tasarrufidagi Nukus shahar oʻquv-sport texnika klubi (OʻSTK)da avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kursida begʻaraz asosda tahsil olgan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Xoʻjayli tumanidagi 1-sonli “Mehribonlik uyi”ning 25 nafar tarbiyalanuvchisiga guvohnomalar topshirildi.

2021-yil – “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturining 170-bandida “Vatanparvar” tashkiloti zimmasiga tashkilot bazasida yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitishni taʼminlash boʻyicha yuklatilgan masuʼliyatli vazifani sifatli bajarish maqsadida viloyat, shahar va tumanlardagi tashkilotning hududiy boʻlinmalari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani, albatta quvonarli.
Tashkilot tomonidan Yoshlar ishlari agentligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda malakatimizda “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar va ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shuningdek mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ommaviy texnik kasblarga imtiyoz asosida oʻqitilishi yoʻlga qoʻyildi.

Birinchilardan boʻlib Nukus shahar oʻquv-sport texnika klubi (OʻSTK)da Avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslari”da tahsil olgan 25 nafar Xoʻjayli tumanidagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga taʼlim olganlik haqidagi guvohnomalar berildi. Endilikda ushbu guvohnomalar orqali Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasida belgilangan yakuniy sinov va test savollariga toʻgʻri javob bergan oʻrganuvchilar haydovchilik guvohnomalariga ega boʻlishi mumkin boʻladi.

Tarbiyalanuvchilar uchun oʻquv-sport texnika klubida tahsil olish jarayonida tashkilot tizimidagi oʻq otish, biatlon, duatlon kabi sportning texnik va amaliy turlari bilan ham muntazam shugʻullanib, koʻplari Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosida oʻtkazilgan qator musobaqalarda gʻolib va sovrindor boʻlishdi.

Shuningdek, darslardan boʻsh vaqtlarda bu yerda yoshlar uchun “Tadbirkorlik asoslari”, “Yoshlar oʻrtasida inqiroz holatini yengib oʻtish psixologiyasi”, “Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning oʻrni” mavzularida seminar va treninglar ham muntazam oʻtkazish va faol yoshlarni ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyilgan.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati