Markaziy harbiy okrugda harbiy intizomning 9 oylik tahlili muhokama etildi

0
825

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov boshchiligida Jizzax, Samarqand va Navoiy harbiy prokuraturasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 2021 yil 9 oy davomidagi harbiy intizom tahlili, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan onlayn tarzdagi yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda dastlab okrug qo‘shinlari qo‘mondoni harbiy intizom tahliliga harbiy qism va muassasalar kesimida baho berib, barcha harbiy xizmatchilarning qonun, harbiy nizomlar, komandirlar (boshliqlar) buyruqlari bilan belgilangan tartib va qoidalarga qat’iy va aniq rioya etishi, O‘zbekiston Respublikasi  Qurolli Kuchlarida harbiy intizom har bir harbiy xizmatchining O‘zbekiston Respublikasini himoya qilishga bo‘lgan harbiy burchi va shaxsiy mas’uliyati, o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqatini yanada oshirish lozimligi xususida to‘xtaldi.

Yig‘ilish davomida xar bir viloyatdagi harbiy prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi organ ofitserlarining onlayn tarzda aynan qaysi jihatda, qanday huquqbuzarlik va jinoyatning qaysi yo‘nalishlarda sodir etilishi ehtimolligi ko‘proq bo‘lishi va o‘sha yo‘nalishlardagi qaysi sohalarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi chuqur tahlil etilib, bu kamchiliklarning oldini olish yuzasidan fikr-mulohazalar yuritildi.

Shuningdek, Mudofaa ishlar boshqarma va bo‘lim vakillarining mas’uliyatini yana kuchaytirish maqsadida safarbarlik yig‘inida soha vakillariga yuklatilgan vazifalar va xizmat hamda ijro intizomini mustahkamlash, korrupsiya va ta’magirlikka qarshi kurashish borasida aniq maqsadga yo‘naltirilgan qat’iy choralar ko‘rish faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan ekanligi va bu kabi nopok yo‘llarga kirib qolmaslik uchun barcha birdek mas’ulligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

Korrupsiya fuqarolarning ijtimoiy adolatga, davlatning iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, qolaversa, jamiyatdagi ma’naviy muhitning buzilishiga olib kelishi xususida hayotda uchrayotgan salbiy oqibatlar misolida tushuntirishlar berib o‘tildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati