Nukusdagi harbiy jamoalar jiddiy sinovlarda toblandi

0
714

Nukus garnizonida joylashgan aralash tarkibdagi harbiy qismda mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari rahbarligida inspektorlik nazorat tekshiruvi oʻtkazildi.

Tekshiruv davomida harbiy qism mansabdor shaxslarining xizmat faoliyati, jangovar xizmat faoliyatini tashkillashtirishga oid rahbariy hujjat talablariga rioya etilishi, boʻlinmalarning harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan butlangani, ularning jangovar shay va soz holatda saqlanayotgani, belgilangan hududlarda ozodalik saqlanishi hamda koʻkalamzorlashtirilgani, omborxonalarning xavfsizligi kabi mezonlar ham inobatga olindi. Jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun yaratilgan oʻquv-moddiy baza koʻrikdan oʻtkazilib, harbiy xizmatchilardan jangovar hamda texnik tayyorgarliklar boʻyicha meʼyorlar qabul qilindi.

Xususan, saf koʻrigidan boshlangan tekshiruv saf, texnik, muhandislik, taktik tibbiy, maxsus tayyorgarliklar, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish hamda harbiy topografiya kabi fanlar boʻyicha meʼyorlarni qabul qilish bilan davom etdi.

Jismoniy tayyorgarlik jangovar tayyorgarlikning asosiy va ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi. Zero, harbiy xizmatchining kundalik turmush hayoti, oʻquv-jangovar xizmati mustahkam sogʻlik, baquvvat, matonatli boʻlishni, xizmat qiyinchiliklarini, sinov va mashaqqatlarni sabru-bardosh bilan yengishni talab etadi.

100, 3000 metr masofaga yugurish, 5 ming metrga qurol bilan marsh yugurish, turnikda tortilish kabi meʼyorlar yurt himoyachilarining jismoniy imkoniyatlarini namoyish etib, harbiy jamoalarda sogʻlom turmush tarzi odat qilinganini koʻrsatib berdi.

“Nukus” umumqoʻshin poligoni hududida davom etgan sinovlarda shaxsiy tarkib qurollardan mohirlik bilan foydalanishini, kuchli emotsional va jismoniy zoʻriqishlarda ham jangovar topshiriqlarni bajara olishini amalda isbotlab berdi.

Inspektorlik tekshiruvi natijalari boʻyicha Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan harbiy qism qoʻmondonligiga boʻlinmalarning jangovar shayligini taʼminlashga doir alohida koʻrsatma va tavsiyalar berildi.

Taʼkidlash joizki, armiyada qoʻshinlar jangovar shayligi va tayyorgarligi turli sinov va tekshiruvlarda, koʻrik-tanlov va musobaqalar orqali tekshiriladi. Ushbu tadbirlar majmui boʻlinmalarning imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazib, harbiy texnika va qurol-aslahalarning shay va sozligini, jangovar imkoniyatlarini, shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy sifatlarini nazoratdan oʻtkazishga zamin yaratadi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati