Harbiy tibbiyot ravnaqi yoʻlida

0
1066

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida Turkiya Respublikasi Sogʻliq bilimlari universiteti rektori Jevdet Erdol boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev ikki davlat oʻrtasida barcha sohalar qatori harbiy sohada ham oʻzaro hamkorlik tadbirlari izchil davom ettirilayotganini taʼkidladi. Bunga 2022-yil 29-martda imzolangan hukumatlararo harbiy sohada hamkorlik bitimi yaqqol misol ekani qayd etildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, oʻzaro hamkorlikning yanada mustahkamlanishida ikki davlat tibbiyot xodimlarining oʻrni beqiyos. Turkiya Respublikasi Sogʻliq bilimlari universitetining Buxoro davlat tibbiyot institutida Ibn Sino nomidagi tibbiyot fakulteti hamda Malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi tashkil etilgani fikrimiz isbotidir. 2021-yil 5-noyabrda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali va Sogʻliqni saqlash vazirligida turkiyalik professor Kemaletdin Aydin bilan harbiy tibbiyot yoʻnalishida oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha kelishib olingan boʻlsa, 2022-yilning iyun oyida 4 nafar harbiy shifokorimiz Turkiyada oʻtkazilgan EFES-2022 oʻquviga tayyorgarlik mashgʻulotlarida ishtirok etib qaytdi. Joriy yilning avgust oyida Turkiya Sogʻliq bilimlari universitetining 11 nafar turk mutaxassislari Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida faoliyat olib bordi. Turk mutaxassislari bilan ushbu hamkorlik jarayonida 98 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, gospital faoliyatiga oʻnga yaqin yangi davolash usullari joriy etildi, 200 dan ziyod bemorga malakali tibbiy maslahat berildi.

Muloqot davomida tomonlar harbiy tibbiyot sohasida oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar. Harbiy tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, yetuk harbiy tibbiy kadrlarni tayyorlash yuzasidan Oʻzbekiston—Turkiya hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Shuningdek, ikki tomonlama erishilgan kelishuvlarni amaliy roʻyobga chiqarish, konstruktiv hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanliklari qayd etildi. Harbiy tibbiyot yoʻnalishida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar kelishib olindi.

Ushbu suhbat kengaytirilgan formatda gospital shaxsiy tarkibi ishtirokida davom etdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining hamkorlik masalalaridagi faolligi, davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan hamkor xodimlarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi buyrugʻiga oʻqib eshittirildi. Unga koʻra, Turkiya Respublikasi Sogʻliq bilimlari universiteti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Jevdet Erdol hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti Xalqaro turk fakulteti dekani, neyropsixologiya fanlari doktori, dotsent Aynur Feyzioglu Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining “Jangovar hamdoʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Tadbir yakunida Turkiya delegatsiyasi vakillari Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalining zamonaviy infratuzilmasi va texnologik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Mazkur gospitalda xalqaro standartlar darajasida yaratilgan shart-sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti