Til bor — millat barhayot

0
643

Til bor — millat barhayot. Tilni onaga qiyoslash ham bejizga emas, aslida. Axir inson oʻz onasini koʻrmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkinmi?  Yo’q!

Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlgan.

O‘zbek tilining davlat tili maqomini olishiga 33 yil bo’lgani munosabati bilan respublika miqyosida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri Axborot kommunikatsiya-texnologiyalari va aloqa harbiy institutida ham o’tkazildi. Unda Zangiota tumanida joylashgan 23-maktab o’quvchilari, ma’naviyat va ma’rifat markazi kengashi a’zolari, respublika yoshlar ittifoqi zangiota tumani kengashi a’zolari, Mudofaaga ko’maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti a’zolari hamda harbiy institut kursantlari ishtirok etishdi.

Darhaqiqat, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk ne’matdir.

Tadbirda so‘z olganlar o‘tgan davr mobaynida o‘zbek tili davlat tili sifatida ezgu maqsadlar sari odamlarni birlashtiradigan, xalqimizning katta-katta orzu-niyatlarini amalga oshirishga da’vat etadigan muhim kuchga aylanganini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng 23-maktab o’quvchilari ishtirokida bir qancha sahna ko‘rinishlari mohirona namoyish qilindi. Jumladan, o‘z davrida asarlari va qo‘lyozmalari bilan o‘zbek tili taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan jadidchilar: Cho’lpon, Abdullo Qodiriy, Mahmudxo’ja Behbudiy, Usmon Nosir, Abdullo Avloniy kabi buyuk shoiru allomalar siymosidagi chiqishlar tahsinga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi Mahmudxo’ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi asosida sahnalashtirilgan ixcham syujet g‘oyat ta’sirli chiqdi.

Shuningdek, tadbirda yangragan kuy-qo‘shiqlar, raqqosalar ijrosidagi bir-biridan ajoyib raqslar tadbirga yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Sherzod Egamberdiyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti