Ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi

0
657

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlari Sport Korpusi (KAFAC) generali Kim Dong Youl bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari, Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori, shuningdek, Oʻzbekiston Regbi federatsiyasi Bosh kotibi va Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi harbiy attashesi Park An Seo ishtirok etdi.

Suhbat chogʻida vazir Adham Ikramov mehmonlarga Oʻzbekistonning salohiyati yuksalib borayotgani, shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʻlumot berdi.

Mehmonlar tomonidan, ayniqsa, mamlakatimizda sogʻlom avlodni voyaga yetkazishning asosiy bosqichi boʻlgan Oʻzbekiston yoshlarini sportga ommaviy jalb etishga alohida eʻtibor qaratildi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi hamkorlik taekvondo, kurash, oʻq otish va boshqa yoʻnalishlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini taʻkidladilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar ikki tomonlama kelishuvni tayyorlash masalasini koʻrib chiqishga kelishib oldilar.

Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati