“Vatanparvar” muxbiri nufuzli tanlov sovrindori

0
654

Bugun poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, Ona tilim!” deb nomlangan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Unda respublikamizdagi ziyolilar, davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, tilshunoslar, adabiyotshunoslar, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tantanali marosim davlat madhiyasi bilan boshlandi. Dastavval, Xayriddin Sultonov Prezident Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Tadbirda Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Maʼmura Zohidova, Mehrnoz Abbosova soʻzga chiqib, mamlakatimizda olib borilayotgan til islohoti, uni sevish, nufuzini yanada oshirish haqida gapirdi.

Marosimda Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan oʻtkazilgan “Qadring baland boʻlsin, Ona tilim!” respublika tanlovi gʻoliblari eʼlon qilindi. Unga ko‘ra, “Oʻzbek tilining qudrati va goʻzalligini tarannum etgan eng yaxshi badiiy asar” yoʻnalishi boʻyicha “Vatanparvar” gazetasi muxbiri katta leytenant Bobur Elmurodov sovrindorlar qatoridan joy olib, faxrli 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.

Bobur Elmurodov Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti harbiy xizmatchisi bo‘lib, uzoq yillardan buyon “Vatanparvar” gazetasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bilan birga Qurolli Kuchlar akademiyasida mustaqil tadqiqotchi sifatida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Shuningdek, u Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Ko‘zlarimdagi dunyo” she’riy kitobi muallifi, jamoatchilik faolidir.

Bayram tadbirida yurtimizda tahsil olayotgan xorijlik talabalar Ona tiliimizni, vatanni ulugʻlovchi sheʼrlar oʻqidi. Sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlari va raqslar kechaga koʻtarinkilik baxsh etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti