“Qadring baland boʻlsin, ona tilim!”

0
748

Yurtimizda ayni kunlarda Oʻzbek tili bayrami kuni keng nishonlanmoqda. Turli davra suhbatlari, ma’naviy-maʻrifiy tadbirlar, intellektual musobaqalarda tilimiz taraqqiyoti, uning rivojiga hissa qoʻshish, targʻibotini kuchaytirishga qaratilmoqda.

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurtida “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida Chirchiq davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda maʻnaviy kecha oʻtkazildi.

Unda soʻz olganlar, til millatning eng bebaho boyligi, uning asrlar osha shakllangan anʻanalari, maʻnaviy merosini kelajak avlodlarga yetkazishdagi ahamiyatiga urgʻu berildi. Milliy ozodlikka, tilimiz sofligini saqlash yoʻlida jonidan kechganlar yodga olindi.

Bilim yurti kursantlari va universitet talaba-yoshlari tomonidan sheʻriy va musiqiy chiqishlar yigʻilganlar eʻtiboriga havola etildi. Yoshlar tomonidan sahnalashtirilgan “Usmon Nosir” asari barchaga birdek manzur boʻldi.

Tadbir soʻnggida til koʻplab xalqlarni oʻzaro birlashtirishi, tarbiyalashi, urf-odat, anʼana va madaniyatlari bilan tanishish imkonini berishini, shuningdek, oʻzbek tilining rivoji uchun har birimiz masʼulligimiz eslatib oʻtildi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan “Sobir At-Termiziy” nomidagi viloyat markaziy kutubxonasida “Til — millat koʻzgusi” ham madaniy tadbir o‘tkazildi.

Ushbu tadbirda Janubiy operativ qoʻmondonligi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyat mintaqaviy boʻlimi, harbiy xizmatchilar hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Fargʻona davlat universiteti professor oʻqituvchilari, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilari hamda harbiy xizmatchilar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda esa tilimiz kelajagiga barchamiz birdek masʼulligimiz va ajdodlardan bizgacha yetib kelgan o‘zbek tilini avlodlarga sof holda topshirishimiz kerakli ta’kidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi hamda Samarqand shahridagi 32-sonli umumtaʻlim maktabi oʻquvchi yoshlari bilan birgalikda “Qadring baland boʻlsin ona tilim!” mavzusida maʻnaviy va maʻrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbir davomida oʻquvchi yoshlarning adiblarimiz tomonidan oʻzbek tiliga atab yozilgan sheʻrlari, gʻazallari va kuy-qoʻshiqlari ijro etilib, tadbirga oʻzgacha koʻtarinki shukuh bagʻishladi.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti